Hikoyalar

To‘kinlik va o‘g‘illar

Muallif Abduvali

Bachint KAUR

May oyining beshinchi sanasi edi, lekin qari Baruni olib ketishga hali hech kim kelmadi: uning esa, garchi kelini Vidya zo‘rg‘a gaplashsa ham, nevaralari umuman quloq solmasa ham, rostini aytganda, hech qaerga ketgisi kelmasdi. Baru jur'at to‘plab, o‘g‘li Kartar Singxga:

— Meni jo‘natib yuborma, o‘g‘lim, — dedi, — senikida qolishimga ruxsat ber. Boshqalarnikida non eyishni istamayman.

— Bunga istash-istamaslikning nima daxli bor, ota? — e'tiroz bildirdi Kartar Singx. — Onamiz vafot etganda, bizlar — besh aka-uka — o‘zaro har birimiz sizga galma-galdan boshpana berib, boqishga kelishganmiz. Menikida uch oy yashadingiz — muddat birinchi sanadayoq tugagan. Pritunikiga borish payti keldi.

Chol bunga hech nima demadi — nima ham deya olardi? O‘z ixtiyoriga qarshi bo‘lsa ham, Pritunikiga ketishiga to‘g‘ri keladi.

Banto, Prituning xotini, hafsala qilib, qaynotasiga qarardi — haftada ikki marta kiyimlarini yuvar, edirib-ichirardi. Bolalariga ham o‘rgatardi: «Buvangizni hurmat qiling, aytgan hamma ishini bajaring. Sizlarga savob bo‘ladi. Tangri qariyalarni hurmat qilishayotganini ko‘rganda, sevinadi».

Ammo Bantoning o‘zi kam sevinardi — eri ko‘p ichardi. Uyga tun oqqanda kelar va o‘pka-gina, ayblash, urishish boshlanardi: u xotini bilan urishish uchun arzimagan bahona izlardi. Bolalar ham quruq qolmasdi — otasi ularni ham bir talay «shirin» gaplar bilan siylardi. G‘azabini sochishga hech kim bo‘lmasa, Pritu otasining yoniga kelardi. Baru yotgan karavotni oyog‘i bilan tepib, «Sizga hali uzoq qarab, boqamanmi?» derdi. Chol butun vujudi bilan titrab, indamay ko‘z yoshlarini ichga yutardi. Dunyo ko‘ziga xunuk ko‘rinib ketardi. Ayniqsa, o‘z keksaligi ko‘ziga ayanchli ko‘rinardi. Uning yoshi esa saksonda edi. Pritu esa tiyilolmasdi. Baru undan qancha ranjitadigan gaplar, haqoratlarni eshitdi, ammo biron marta ham jimlikni buzmadi.

Hozir u o‘zining besh o‘g‘li, ularning bolalari haqida o‘ylarkan, xayolida bir qaror etildi: bir amallab Kartardan otasini umrining oxirigacha uyida qoldirishga ko‘ndirsa-chi? Balki, rozi bo‘lar? Aks holda, Taloknikiga ko‘chishga to‘g‘ri keladi — Pritudan keyin uning navbati. Talokning otasiga muomalasi yaxshi, shekilli, uni xafa qildirib qo‘ymagan, hech nimadan kam bo‘lmasligi uchun harakat qiladi. Talokning xotini ham qaynotasiga go‘yo g‘amxo‘r edi: birinchi bo‘lib ovqat berar, birinchi bo‘lib choy uzatardi. Har kuni kiyimlarini yuvardi. Lekin cholga ular bu ishni o‘zlarini majburlab qilishayotgandek tuyulardi, hech shirin gap aytishmaydi, buyumdek muomala qilishadi. Axir, bu muhabbatmi? Zerikarli, charchatadigan majburiyat, xolos!

Chol adashmagandi. Talok xotinining qaynotasiga yaxshi qarashini nazorat qilardi. Lekin xotini baribir paytini topib, choldan o‘pka-gina qilardi: «Dadajon, siz o‘g‘illaringiz uchun umringiz davomida nima qildingiz? Eringiz kam. Besh qismga bo‘lganda, har biriga nima tegadi? Arzimagan narsa! Pul ham to‘plab qo‘ymagansiz. Sizni nima uchun hurmat qilish mumkin?»

Kelinning achchiq gaplari Baruning yuragiga xanjardek botib, ichida qattiq qayg‘urardi. Boshi oqqan tomonga ketishni shunchalik istardiki! Ammo Talokni hech nimada ayblab bo‘lmaydi, shuning uchun chol indamasdi, keliniga ham e'tiroz bildirmasdi, o‘g‘liga ham undan shikoyat qilmasdi, uni deb janjallashishlarini istamasdi. «Kelin haq, — deb o‘zini yupatardi u. — Talokning oyligi kam, bolalari bor, ularni katta qilish kerak».

Vaqt o‘tib borar, qari Baru esa qanday qilsa, yaxshiroq bo‘lishini o‘ylardi. Ba'zida erining yarmini Talokning nomiga o‘tkazib berishga qaror qilardi. Boshqa o‘g‘illari yaxshiroq yashaydi, o‘z uylari bor, o‘ziga to‘q. Bunisiga esa og‘ir. Ammo u, Baru erining yarmini Talokka bersa, qolgan to‘rtovi toqat qilmaydi-ku. Ular bu erni tishlab uzishga tayyor. Masalan, Dialani — to‘rtinchi o‘g‘lini olaylik, u hozir erda ishlayapti — er haydaydi, ekin ekadi, sug‘oradi. Axir, u Talokka yon beradimi? Dialaning uyida ham to‘kinchilik, ham o‘g‘illar bor. Lekin niyati yomon: yashirincha tanobchining yoniga qatnaydi, otasining hamma erini o‘zlashtirib olish haqida u bilan maslahatlashadi. Shuning uchun ham cholni uyiga shunday xushlamay qabul qiladi.

Bu o‘ylardan Baru qattiq xafa bo‘ldi. Oilasi juda katta edi, qo‘shnilar uni «katta oila boshlig‘i» deyishardi. Hammasi birga to‘planganda, Baru ba'zan kim kimning o‘g‘li ekanini adashtirib yuborardi. Xotini Bxagvanti tirikligida, Baru o‘z uyida yashardi. Diala unga taxmonga, pichan ustiga o‘rin solib berardi. Bxagvanti o‘lgach esa, unga joy ham qolmadi. Har bir o‘g‘il otasini boshqasinikiga jo‘natishga oshiqardi. Mana senga katta oila! Ba'zida, butkul umidsizlikka tushgan Baru xayolan marhuma xotiniga murojaat qilardi: «Bxagvanti, esingdami, o‘g‘illari ko‘p odam keksayganda baxtli yashaydi, derding? Meni ko‘r. Qay ahvolga tushganimni ko‘ryapsanmi? Bolalar uchun men, qariyani boqish og‘ir!»

U yana o‘g‘illarining har birini xayolidan o‘tkazdi. Beshinchisi hali uylanmagan. U bu erdan besh yuz milya uzoqda shaharda ishlaydi. Chol undan o‘pka-gina qila olarmidi?

Yil o‘tdi. Yana Kartarning cholni uyida qabul qilish navbati keldi. Chol juda xursand edi: axir o‘g‘linikida turgan ukasi uning qo‘shnisi edi. Uning erni taqsimlash haqida o‘ylashiga hojat yo‘q: o‘g‘li bitta edi.

«Biram yaxshi! — deb o‘ylardi Baru. — Endi baxtsizliklarim haqida gapirib beradigan odamim bo‘ladi! Oldinda hali naq uch oy bor!»

Komila NOSIROVA tarjimasi

«Oila davrasida» gazetasidan olindi.



Muallif haqida

Abduvali

Leave a Comment