Kun nafasi

Prezident soliq xizmati faoliyatini tubdan takomillashtirishga oid qaror imzoladi

Muallif Abduvali

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti «Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan.

Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi soliq ma'muriyatchiligi tizimini takomillashtirishning eng muhim yo‘nalishlari hisoblanadi:

birinchidan, davlat soliq xizmati organlarini soliq to‘lovchilarning biznes-hamkori va maslahatchisi sifatidagi yangi imidjini yaratish orqali xizmat ko‘rsatishga yo‘naltirilgan idoraga aylantirish, har bir xodim tomonidan “Soliq xizmati – insofli soliq to‘lovchilarning ishonchli hamkori” degan maqsadli vazifani so‘zsiz bajarish;

ikkinchidan, eksterritoriallik printsipi asosida soliq to‘lovchilar o‘z soliq majburiyatlarini ixtiyoriy bajarishi, biznesni qonuniy, shaffof va qulay yuritish uchun maqbul shart-sharoitlar yaratish, soliq to‘lovchilarning qoniqish darajasining oshishini ta'minlash;

uchinchidan, soliq ma'muriyatchiligi va nazoratining mutlaqo yangi tizimini yaratish, shuningdek, korruptsiyaviy omillarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha preventiv va oldini olish choralarini qo‘llash;

to‘rtinchidan, soliq to‘lovlarining o‘z vaqtida va bir xildagi tushumini ta'minlash, ma'muriy tartib-taomillarni maksimal darajada kamaytirish va soddalashtirish, soliq solinadigan bazani kengaytirish va iqtisodiyotda xufiyona aylanmalarni qisqartirish hisobiga byudjetlarning daromad qismini barqaror shakllantirish;

beshinchidan, tekshiruvdan oldingi tahlil va masofaviy nazorat-tahlil ishlarini amalga oshirish uchun ma'lumotlarni to‘liq yig‘ish va qayta ishlashni ta'minlaydigan zamonaviy, ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish choralarini yanada kuchaytirish;

oltinchidan, davlat soliq xizmati organlari xodimlariga korporativ etikani singdirish, davlat soliq xizmati organlarining strategik maqsad va vazifalariga erishish uchun o‘z xizmat faoliyati samaradorligini oshirish motivatsiyasi tizimini joriy etish.

Belgilanishicha, 2019 yil 1 yanvardan davlat soliq xizmati organlari xizmat ko‘rsatish, savdo va umumiy ovqatlanish sohasidagi tadbirkorlik sub'ektlari uchun yagona soliq to‘lovini, yagona er solig‘ini, yuridik shaxslardan er solig‘ini, shuningdek, bank aylanmalari haqidagi ma'lumotlar, shuningdek, boshqa tashqi manbalar asosida deklaratsiya qilinadigan daromadlar bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini hisoblash tarzida soliq to‘lovchilarga servis xizmatlari ko‘rsatadi hamda hisoblangan soliqlar summasi haqida soliq to‘lovchining “shaxsiy kabineti” orqali xabarnoma yuboradi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Markaziy banki va Savdo-sanoat palatasi bir oy muddatda xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribasini o‘rganish yakuniga ko‘ra tashqi ma'lumotlar va soliq to‘lovchilarning deklaratsiyalari asosida davlat soliq xizmati organlari tomonidan hisoblanadigan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar ro‘yxatini bosqichma-bosqich kengaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni tasdiqlaydi.

Belgilab qo‘yilishicha, 2018 yil 1 iyuldan:

davlat soliq xizmati organlari xo‘jalik yurituvchi sub'ektlar faoliyatida o‘tkazilgan xronometraj natijalariga ko‘ra oxirgi hisobot davri uchun tovar (ish, xizmat)lar realizatsiyasidan kamaytirib ko‘rsatilgan tushumni va xodimlar sonini qayta hisob-kitob qilgan holda soliqlarni hisoblashni amalga oshirish haqida talabnoma yuboradi, kamaytirib ko‘rsatish takroran aniqlanganda, ushbu harakatlar soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash sifatida malakalanadi;

uchinchi shaxslar tomonidan soliq to‘lovchi-jismoniy shaxs uchun to‘langan soliq summasi soliq to‘lovchining soliq solinadigan daromadi hisoblanmaydi;

davlat soliq xizmati organlari soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni hisoblash uchun asos bo‘ladigan ko‘zdan kechirish dalolatnomasini tuzish orqali soliq to‘lovchilarning pasportlashtirilishini yuritadi.



Muallif haqida

Abduvali

Leave a Comment