Maqolalar

U bo‘lgan-bu bo‘lgan, tayyor kutubxona yo‘q bo‘lgan…

Muallif Abduvali
Respublika ishchi guruhi o‘rganishlar chog‘ida “Ko‘kmozor” mahalla fuqarolar yig‘ini Zebo Xoliqova ko‘chasi 39-uyda joylashgan Namangan viloyati O‘rta maxsus kasb-hunar ta'limi boshqarmasi Norin pedagogika kolleji Axborot resurs markaziga qarashli 2-sonli filial binosining qarovsiz va tashlandiq holda yotganiga guvoh bo‘ldi.
Sobiq dala shiyponi o‘rnida tashkil etilgan kutubxona 2006-2013 yillarda Norin tumani axborot resurs markazi ixtiyoriga bo‘lgan. Avvaliga bitta mudir va bir nafar yordamchi ishlagan. 6528 dona kitob fondi ham bo‘lgan. Ammo ulardan hozir asar ham yo‘q.
“Ko‘kmozor” mahallasi xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma'naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassisi Maryamxon Ismanovaning aytishicha, kutubxona 3-4 yildan buyon umuman ishlamaydi. Eshiklar ham mix bilan qotirib tashlangan. Vaholanki, 16 ming fuqaro yashaydigan atrofdagi 6 ta (“Ko‘kmozor”, “Qo‘rg‘oncha”, “Shohidon”, “Kemaboshi”, “Marg‘izor”, “Toshqin”) mahallada birorta ham ma'rifat o‘chog‘i yo‘q.
IMG_20180625_105801.jpg
Deraza oylari singan bino eshigining mixlarini ko‘chirib, ikki xonali sobiq kutubxona ichiga kirganimizda polda qog‘ozlar uyum-uyum bo‘lib yotganiga, devorlari mog‘orlab, shiplari ko‘chib tushganiga, romlar va devor burchaklarini po‘rpanalar bosib yotganiga guvoh bo‘ldik. Bir paytlar mo‘'jaz va jozibali ma'naviyat o‘chog‘ining bugun bunday noxush ahvolda yotgani inson qalbiga og‘riqli ta'sir ko‘rsatadi.
Kutubxonaga yondosh 38-uyda yashovchi Ikrom Karimovning aytishicha, ilgari bu kutubxonadan bolajonlar va aholi birdek foydalanar, hamma o‘ziga mos adabiyotni olib, o‘qir va dunyoqarashi ham o‘zgarar edi. Bir necha yildirki, u tashlandiq bo‘lib qolgan. 2-3 oy muqaddam barcha kitoblarni bir mashinaga solib, noma'lum tomonga olib ketishgan. Mahalla yoshlari esa hozir qaerdan kitob olib o‘qishni bilmaydi. Buning uchun tuman markazidagi Haqliobod shaharchasiga ya'ni 13 kilometr olisga borib qaytishlariga to‘g‘ri keladi.
IMG_20180625_104741.jpg
Norin tumani pedagogika kolleji direktori Saidjon Jo‘raev esa lavozimga kelganiga 1 yildan oshsa-da, biroq kutubxona filialiga biror marotaba bormaganini aytdi. U hatto ushbu kutubxona filialidan foydalanish ishlari tuman xalq ta'limi bo‘limiga tegishli, deb hisoblab kelar ekan.
Kollejning Axborot resurs markazi rahbari Muqaddas Yodgorovaning oydinlik kiritishicha, 2006 yilda filiallar uning balansiga o‘tganida jami 18 ta kutubxonachi ishlagan. Har yili shtatlarni optimallashtirish jarayonida ular soni qisqarib boravergan. Hozirda ARMida 4 ta xodim ishlamoqda. Oqibatda shtat qisqargach, kutubxona ham qarovsiz qolgan. Kitoblari esa tumanda yangi tashkil qilingan kutubxonalarga berib yuborilgan. Egasi bo‘lmagan go‘shaning ahvoli qanday bo‘lishi sir emas. Hozir ushbu kollej kutubxonasida ham ko‘p emas, jami 7281 ta kitob bor. Ularning olti yuzdan ortig‘i badiiy kitoblardir.
68b4a77f-83fc-4464-9864-ad51fd4f20f6.jpg
Aniqlanishicha, kollejda o‘quvchilar soni esa 742 nafar. Bitta o‘quvchiga bitta ham badiiy kitob to‘g‘ri kelmayapti-ku. 2012-2015 yilgacha jami 312 ta badiiy kitoblar darsliklar bilan bepul keltirilgan. 2018 yil va 2016 yillarda kollej birorta kitob olinmagan. 2017 yilda 13 ta badiiy adabiyotlar qabul qilingan.
Norin tumani xalq ta'limi bo‘limi kutubxonalar bo‘yicha metodisti Jannatxon Hakimovaning aytishicha, Yoshlar Ittifoqi bilan hamkorlikda shu yil aprel oyida tuman fermerlari tashabbusi bilan Norin tuman markazida (2744 dona), “Qozoqovul” (2300 dona) va “Toshloq” mahallasida (3300 dona), “To‘da” mahallasida (1700 dona) jami 4 ta yangi aholi kitobxonalari ochilgan. Kollej filiallaridagi 40 ming kitobning chirib, sarg‘ayib, bir-biriga yopishib ketgan, yaroqsiz holatga kelib qolganlari dalolatnoma qilinib, tashlab yuborganmiz. Axir, ular bekor yotmasdan aholiga xizmat qilishi kerak-ku.
Norin tumani er tuzish va ko‘chmas mulk kadastri filiali mutaxassisi Botir Xolmirzaev esa bino uzoq yillardan buyon hech kimning balansida emasligini aytdi. Norin tumani hokimi Dilmurod Qodirov ham huddi ishchi guruhi kelishini kutib o‘tirgandek, 2018 yil 19 iyundagi 817-sonli qarori bilan bir qator mahalla fuqarolar yig‘inlari foydalanib kelgan mavjud binolarni ma'muriy bino sifatida balansiga o‘tkazib beradi. Endi ushbu qaror asosida kutubxonaning kadastr hujjatlari “Marg‘izor” MFY binosining bir qismi hisoblanganligi bois unga o‘tkazilmoqda. Ishchi guruhi mahalladan tadbirkor topib, bu erda kitob do‘koni yoki kutubxona tashkil qilishga tavsiya berdi.
Xullas, u bo‘lgan-bu bo‘lgan, tayyor kutubxona yo‘q qilingan. Biz bugun kollej o‘quvchilari buzilib ketayapti, maktabda tahsil olayotgan bolalarning ma'naviyati sayoz, degan gaplarga ko‘p takrorlashga o‘rganib qoldik. Biroq, ularni loaqal bitta badiiy kitob bilan ta'minlab bera olmasak, kitobxonlik va mutolaa madaniyatini shakllantirmasak, yosh avlodning ma'naviy tanazzuli borasida har qancha oh-vohlaru, yozg‘irishlar besamar havoga ketadi. Bir paytlar moliya vazirligining vallomatlari o‘ylab topgan va byudjet pulini “optimizatsiya” qilish evaziga tejashdek nomaqbul amaliyot oxir-oqibat ma'naviy taqchillikni yuzaga keltirayotganiga shohid bo‘lib turibmiz. Balki, yana tuman madaniyat bo‘limlari huzuridagi kutubxonalarni qayta tiklash, ularni adabiyotlar bilan muntazam ta'minlab turish maqsadga muvofiqdir. Toki, ma'naviyatdagi kichik jarliklik ham ijtimoiy hayotga halokatli ta'sir ko‘rsatishi muqarrar.
 
Laziz Rahmatov, jurnalist
Manba: O‘zA


Muallif haqida

Abduvali

Leave a Comment