Maqolalar

Oila fojiasi: Ayolidan pul oladigan er va barcha narsani muhayyo qilib farzandidan mehr kutayotgan ota…

Muallif Abduvali

…Ancha yillar muqaddam bir tanish savdogar ayol bilan suhbatlashgandim.

– Avvallari erimga pulni qancha so‘rasa, sanamay beraverardim. Hozir qachon, qancha oldi, hammasini daftarga yozib qo‘yaman, – degandi u qo‘llarini beliga tirab, mamnun ohangda.

– O‘g‘lim ham otasining gaplariga ters javob qilib: «Menga pul kerak bo‘lsa doim onam beradi, siz nega pul topishni bilmaysiz?!» – deydi…

…O‘sha, ayolidan doim pul olib yuradigan noshud erkakni o‘ylab, undan-da baxtsiz, haqoratlangan inson bo‘lmasa kerak, deyman…

Umuman, qarz deb berilayotgan pullarni u qaytara oladimi? Aslida, oilada ana shunday munosabat hukm surishi to‘g‘rimikin? Bu voqeani eslashimdan maqsad, gazetalardan birida «O‘g‘illarimga insof kirarmikin?» nomli maqolani o‘qib qoldim. Umr bo‘yi savdogarlik bilan mol, dunyo to‘plagan ota bugun oilasi, o‘g‘illari mehriga muhtoj ekan. Mehrga zor ota fojeasi har qanday kishini o‘ylantiradi. Va ushbu fojea yuqoridagi, xotinidan qarz oladigan erkak xonadonida ham yuz bermasligiga kim kafolat bera oladi? Negaki, pul, davlatdan boshqa narsani ko‘ra olmaydigan, ko‘ngil ko‘zi ko‘r, kaltabin, ma'naviyatsiz ayollar hukmron bo‘lgan xonadonlarda bu kabi fojealar sodir etilishi, shubhasiz.

O‘z o‘g‘illariga insof kirishini kutib yashayotgan ota omadsiz insondir. Bu holatga tushishining asosiy sababchisi eng avvalo, uning o‘zidir. Negaki, bir umr bozorda savdogarlik qilib, mol-dunyo topgan. Oilasini but qilib, farzandlariga shoxona hayot yaratib bergan. Lekin biror marta bo‘lsin, farzandlari nimalar bilan mash-g‘ul bo‘lyapti, kitob o‘qishadimi, qiziqib ko‘rmagan. Yoki, farzandlarining kelajak orzulari haqida so‘ramagan. Yoxud ayoli bolalarini qanday tarbiyalayotganiga e'tibor qilmagan. Afsuski, bu masalalar haqida o‘z vaqtida ana shu odam umuman, o‘ylamagan.

U kabi insonlarga shunday degim keladi: balki, vaqtingiz bo‘lmagandir. Ammo xohish bo‘lganida vaqt toprdingiz. Buning o‘rniga «Axir, yaxshi edirib, oldi kiyimlarni kiydiryapman, otalik burchimni bajaryapman-ku» deya o‘zingizga taskin berib yuravergansiz. Va sizning fojeangiz ham ana shundan boshlangan.

Doimiy ravishda savdogarlik bilan mashg‘ul bo‘lganligingizni tushunaman. Ammo qanday bo‘lsa ham vaqt va imkoniyat topib, ahli ayolingizga, farzandlaringizga nisbatan talabchan bo‘lib, ularning ruhiyati, tar-biyasi bilan qiziqqaningizda edi, hozirdagidek holatga tushmagan bo‘lardingiz. Endi sizga hadeb ta'na toshlarini otish ham noo‘rin. Chunki, g‘isht qolipdan ko‘chib bo‘lgan.

Hamma narsaning o‘z mavridi, chegarasi bo‘ladi. Shu bois ham o‘z vaqtida oilani mustahkamlashga, farzand tarbiyasiga e'tibor berish lozim. Yaqinlarimizga mehr-muhabbat ulashaylik, oqibat rishtalarini uzilmas qilib bog‘laylik. Ushbu jihatlarga o‘z vaqtida e'tibor qaratmasak, afsus va pushaymonda qolamiz. Unda esa kech bo‘ladi.

Kim bo‘lishidan qat'i nazar, har qanday kishi eng avvalo, oilasidagi sog‘lom muhitni, farzandlarining risoladagidek tarbiyasini ta'minlashi lozim. Bundan nafaqat o‘sha oila, balki, jamiyat ham manfaat topadi.

Rahima ABDURAHMONOVA



Muallif haqida

Abduvali

Leave a Comment