Maqolalar

Kaddafi yaratgan mo‘'jiza uning o‘z boshiga etdimi?

Muallif Abduvali

NATO hujumidan vayron bo‘lgan Liviya poytaxti Tripolida bu mag‘lubiyatdan zavq-shavqqa to‘lib tantana qilayotgan liviyalik isyonchilar o‘rtasida mish-mish tarqaldi. Emishki, polkovnik Kaddafi butun mamlakat bo‘ylab er ostidan tortilgan ulkan suv quvurlari ichida yashirinib, jon saqlayotgan ekan.

Suv keltirgan emas, ko‘za sindirgan aziz

Gap bu erda Kaddafi hukmronligi davrida qurilgan ulkan suv inshooti haqida ketayapti. Betondan mustahkam, juda pishiq qilib qurilgan ulkan suv yo‘li orqali Sahroi Kabir hududidagi er qa'ridan topilgan katta miqdordagi suv havzasidan olingan toza ichimlik suvi O‘rta er dengizi bo‘yida joylashgan shaharlarga etkazilardi.

Italiyadagi NATO aviatsiyasining Liviyadagi muhim ob'ektlarni bombardimon qilishini belgilab beruvchi shtab ko‘rsatmasiga binoan ushbu suv quvuri tarmoqlari izdan chiqarildi. Brega shahridagi beton quvurlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zamonaviy, qudratli zavod esa yo‘q qilindi. Shunday qilib Liviyaga uyushtirilgan hujum tufayli kechagina jahon hamjamiyati tomonidan «dunyoning sakkizinchi mo‘'jizasi», deb e'tirof etilgan noyob inshoot batamom vayron qilindi. Bu katta miqdordagi er osti suvlari inson manfaatlari uchun foydalanishga yo‘naltirilgan va amalga oshirilgan jahondagi yagona loyiha edi. Ushbu loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad Shimoliy Afrikaning cho‘l hududlarini hamda suvsizlikdan qovjirab borayotgan shahar va qishloqlarni obod qilish, aholining ichimlik suviga bo‘lgan talabini qondirish edi. Ushbu inshoot “davrning eng ulkan muhandislik loyihasi», deb e'tirof etilgandi.

Kaddafining «qo‘ldan yaralgan daryo»si oxir-oqibat polkovnikning joniga zomin, xalqaro fitna mexanizmini harakatga keltirganlar uchun yana bir g‘ashga teguvchi holat bo‘ldi. Taqdirning g‘alati tasodifini qarangki, Kaddafi hayotining so‘nggi daqiqalarini o‘z vatandoshlarini suv bilan ta'minlash maqsadida qurdirgan suv quvurlari ichida yashirinib o‘tkazdi. Polkovnik xalqining chanqog‘ini qondirdi, bunga javoban esa xalqi unga qarshi bosh ko‘tarib chiqdi. Ularga suvdan ko‘ra va'da qilingan «demokratiya» muhimroq ko‘rindi. Vaholanki, olti milliondan ko‘proq aholisi bo‘lgan ushbu mamlakat Afrikaning butun shimolini suv bilan ta'minlash tashabbusi bilan chiqqandi. Bu esa, o‘z navbatida, Fors ko‘rfazi mamlakatlari etakchilari ichiga g‘ulg‘ula solib qo‘ydi. Axir ular arablar dunyosidagi ta'sir kuchini yo‘qotishi, birinchilikni o‘zlarining liviyalik raqibiga berib qo‘yishi mumkin edi-da…

Muzlik davri suvlari

Sahroi Kabir hududidagi er qa'rida katta miqdorda shirin suv zaxirasi mavjudligi o‘tgan asrning 50-yillarida neft qidirish jarayonida aniqlangandi. Erning nam saqlaydigan ushbu qatlami bundan 75 ming yil ilgari ham mavjud bo‘lgan. Bu so‘nggi muzlik davridan qolgan meros hisoblanadi. Misr bilan chegaradosh hududda joylashgan ushbu qatlamga kiruvchi chuqurligi 2 ming metr bo‘lgan Kufra suv havzasi hajmi 350 ming kvadrat kilometrni tashkil etadi, undagi zaxiraning 20 ming kub kilometri Liviya hududida joylashgan. Bu erda yana 600 metrlik qatlamga ega bo‘lgan suv havzasi ham mavjud.

Unda 10 ming kub kilometr suv bor. Uchinchi, Murzuk suv havzasida esa 4800 kub kilometr atrofida suv zaxirasi borligi aniqlangan. Faqat Kaddafi hukmronligi davriga kelib avvaliga be'mani harakat, deb baholangan Buyuk daryo loyihasi ilgari surila boshlandi. 2011 yilga kelib Liviyaning bir qator katta shaharlariga 6,5 million kub metr miqdorida shirin suv olib kelindi va 4,5 million aholi ichimlik suvi bilan ta'minlandi. Markaziy Liviyada 500 metrdan ham chuqurroq bo‘lgan er qa'ridan suv tortib oladigan 1300 dan ko‘proq quduq qazildi. Loyihaning birinchi bosqichi amalga oshirilishi jarayonida Tripoli, Sirt va Bengazi shaharlarini suv bilan ta'minlaydigan er osti daryosi qurib bitkazildi. Aynan mana shu shaharlar aholisi tomonidan davlat to‘ntarilishi ro‘y berishini Kaddafi qayoqdan ham bilibdi, deysiz.

Loyiha amalga oshirilishi natijasida 130 ming gektar maydonda dehqonchilik ishlari bilan shug‘ullanish imkoniyati paydo bo‘ldi. Ushbu ulkan loyihani amalga oshirish uchun 25-30 milliard AQSh dollari miqdorida mablag‘ sarflangan. Bu ishga jahonning etakchi kompaniyalari mutaxassislari jalb etilgan, Amerikaning zamonaviy texnikalari xarid qilinib, ular yordamida ish sur'ati yanada tezlashtirilgan. Katta hajmdagi 500 mingta beton quvur yotqizilgan. Uning ichida avtomobil bemalol harakatlana olgan. Quvur yotqizish munosabati bilan texnika harakatlanishi oson bo‘lishi uchun 3700 kilometr uzunlikdagi yo‘l qurildi, 250 million kub metr tuproq qazib olindi. Loyihani amalga oshirish uchun ishlatilgan materiallar Misrdagi ehromlarning yigirmatasini barpo etishga bemalol etib ortardi. Ginnessning rekordlar kitobi sahifalari Liviya rekordlari bilan to‘lib-toshdi. Misli ko‘rilmagan mablag‘lar sarflangan bo‘lsa-da, Kaddafi xalqaro banklardan bir sent ham qarz olmagan.

Yaqin Sharqda Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Butunjahon banki 20 yil davomida Misrda amalga oshirilishi rejalashtirilgan shunga o‘xshash loyihani qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortib kelayotgandi. Bu esa, o‘z navbatida, ko‘plab arab mamlakatlari rivojlanishiga salbiy ta'sir ko‘rsatdi va oxir-oqibatda, turli tartibsizliklar kelib chiqishiga sabab bo‘ldi.

Yaqin Sharqdagi suv ta'minoti bilan bog‘liq rejalarga AQSh davlat departamenti faqat o‘z manfaatlarini ko‘zlab tez-tez aralashadigan bo‘ldi. Masalan, Saudiya Arabistonida dengiz suvini tozalab, chuchuk suvga aylantirib beradigan zavodlar qurilishi loyihasini qo‘llab-quvvatladi. Liviyaliklar tashabbusi esa oldiniga qattiq tanqidga uchragandi. Dunyoning 24 ta shahrida chop etiladigan nufuzli xalqaro gazetalardan biri «Faynenshel tayms» bu loyihani iqtisodiy jihatdan nochorlashib qolgan mamlakat hukmdori Kaddafining manmanligi, shuhratparastligini ifoda etuvchi «yodgorlik», deb atagandi. Mazkur loyihani amalga oshirish jarayoni boshlanishi bilan uni AQSh manfaatlariga tahdid sifatida talqin qila boshlashdi. Taniqli sharhlovchi Filip Naytli Birlashgan Arab Amirliklari gazetasi «Kxalej tayms» sahifalarida NATOning Liviyaga bostirib kirishini «suv uchun kurash», deb atadi. Yana bir maqolasida esa u: «G‘arb davlatlari arab mamlakatlarining suv boyliklariga ham ko‘z tikishmayaptimi?» degan savolni o‘rtaga tashlagandi. Axir aynan Liviya davlati ostida Nil daryosining 500 yillik oqimiga teng miqdorda suvga ega bo‘lgan ulkan dengiz topilgandi-da.

Naytlining fikricha, G‘arb davlatlari liviyalik diktator dunyodagi eng katta chuchuk suv zaxirasiga egalik qilishini hazm qilisholmagan va bunga yo‘l ham berishmaydi. Ular Kaddafiga shusiz ham hududda hukmronlik qilishiga izn berib qo‘yishibdi-ku. Nima, bu kamlik qilganmidi unga? Bu gaplardan so‘ng shunday taassurot paydo bo‘ladiki, Kaddafi uchun neft va gazdan ham ko‘ra ko‘proq suv muhim o‘rin tutgan.

Aybdor deb topilgan polkovnik BMTga qilgan murojaatida Liviya suvsizlikdan xarob bo‘lishini aytib, umri davomida qurdirgan hayotiy muhim inshootni bombardimon qilishni to‘xtatishni so‘rab yalinib-yolvordi. Ammo…

Tashabbus o‘lmaydi

Oksfordlik gidrogeologlarning so‘zlariga qaraganda, er qa'ridagi suvlarni qazib chiqarish – Afrika va Yaqin Sharqdagi qurg‘oqchilik katta bo‘lgan hududlarda yashayotgan aholining jon saqlab qolishi uchun yagona imkoniyatdir. «Neyshenel Geografik» jurnali Kaddafining suvga oid loyihasini bekorga davrning muhim voqeasi, deb atamagandi.

Shunga o‘xshash, ammo nisbatan kichikroq ko‘lamdagi loyihalarni amalga oshirish ishlari hozirda Iordaniya va unga qo‘shni davlatlarda jadallik bilan olib borilayapti.

Xorij matbuotidan Muso MURODOV tarjimasi.

«Qashqadaryo» gazetasidan olindi.



Muallif haqida

Abduvali

Leave a Comment