Hikoyalar

Zurriyot

Muallif Abduvali

Nikolay Haytov

E, oshnam, ichim to‘la hasrat, siz so‘ramang, men aytmay. Surishtiraman desangiz, kalavaning uchi qirq yilning nari-berisiga borib taqaladi. O‘shanda men o‘n to‘rtga kirgan etim bola edim. Otam ham, onam ham hayotdan bemavrid ketdilar. Onamni-ku, xastalik qulatdi. Ammo otam hali-beri hayotdan umid uzadigan emasdi, uni qo‘shnimizning xo‘kizi suzib o‘ldirdi. Men buvam bilan buvimning qaramog‘ida qoldim. Buvimning o‘ng qo‘llari ishlamay qo‘yib, uy yumushlarini bajarishga qiynalgach, buvam meni uylantirishga qaror qildilar. Mendan: “Uylanasanmi?”-deb so‘rab ham o‘tirishmadi. U paytda sening rozi-rizoliging bilan hisoblashishmasdi, keksalarning o‘zlari ishni pishitib qo‘ya qolishardi. Bir kuni tasodifan chol-kampirning maslahatlarini eshitib qoldimu buvamning bu ahdi qat'iy ekanini angladim. Buvim avvaliga “hali yosh”, deb e'tiroz bildirdilar. Biroq buvam: “Yoshligi qolibdimi, ovozi rasta bo‘lganini sezmayapsanmi? Yulduziga to‘g‘ri keladigan qiz topish kerak”, deb gapni kalta qildilar.
Men yigit kishining nima maqsadda uylanishini tuzukroq bilmasam-da, qanday qiz topishar ekan, deb qiziqib yurdim. Bir kuni yaylovdan kelsam, uyimizda faqat uzun bo‘yi bilan emas, hunari bilan ham qishloqqa besh qo‘ldek ma'lum bo‘lgan, belbog‘iga hamisha qaychi osib yuradigan tikuvchi o‘tiribdi.
-Ramadon, bo‘tam, amaking senga cholvor tikib berish uchun kelibdi. Rangli cholvor kiyasanmi yoki odmisidanmi?-deb so‘radilar buvam..
Shundan bo‘lak mendan hech nimani so‘rashmadi. Hatto fotiha qilishda ham, to‘yda ham mening istagim bilan mutlaqo qiziqishmadi. Tikuvchi chorshanba kuni kelgan edi, payshanbada rangli cholvor tayyor bo‘ldi. Juma kuni esa to‘y boshlandi. Nog‘oralar chalindi. Doshqozondagi sho‘rva biqirlab qaynaydi. Men esa “Kelin kim ekan?” degan xayolda garangman. Oxiri chidamasdan buvimdan so‘radim.
-Kelin bu qishloqlik emas, tog‘dan,- buvim shunday deb gapni kalta qildilar-da, o‘z yumushlari bilan ovora bo‘ldilar. Men esam “Kelin yoshmi, o‘zi qanaqa?” deb so‘rashga uyaldim. Hammasi oqshomda ayon bo‘ldi. Mulla nikoh o‘qigach, kelin bilan yolg‘iz qoldik. Ha, aytmoqchi, unga qadar buvam meni bir chetga tortib, uzoq chaynaldilar.
-Sen yosh bola emassan,-dedilar,-sen endi erkaksan! Haqiqiy erkakligingni shu kech isbot qil. Tushundingmi? U er-bu erini timdalab bo‘lsa ham… Yo‘qsa, qishloqdagilar oldida uyatga qolamiz.
Buvamning nima deyayotganlariga tushunmay turaverdim. Shundan keyin achchiqlanib, menga hamma gapni lo‘nda-lo‘nda qilib tushuntirib berdilar.
Kelin bilan yolg‘iz qolgach, yarim soatcha qimirlamay jim o‘tirdim. Gapiray desam, xayolimga durustroq so‘z kelmaydi. Boshiga tashlangan ro‘molni ko‘taray deymanu jur'at qilolmayman. Nihoyat, uning o‘zi yuzini ochdi. Men uni qari xotin, desam, o‘zim tengi yosh qizaloq ekan. Oppoqqina, ko‘zlari ko‘m-ko‘k, kipriklari uzun-uzun. Xuddi kapalakka o‘xshagan nozik bu qizga angraygancha qarab qolibman. U birdan kulib yubordi-da:
-Uyalyapsanmi?-deb so‘radi.
-Ha… Ozgina…
-Nimadan uyalasan? Cholvoring juda chiroyli ekan. Belbog‘ing ham. Bizbizak o‘ynamaymizmi?
Men “ha” yoki “yo‘q” deyishga ulgurmasimdan u belbog‘imdan ushlab tortdi. Dam u chir-chir aylanadi, dam men. Shu zaylda xo‘roz qichqurguncha o‘ynabmiz. Birdan buvamning gaplari esimga tushib, o‘ylanib qoldim. “Hozir tong yorishadi. Keyin kelib so‘rashadi”. U xayolga botganimni sezgan ekan, sababini surishtirdi. Men bor gapni yashirmay, unga aytdim.
-Shuni o‘ylab, tashvishlanib o‘tiribsanmi?- u shunday deb nimadir qilgan edi, burnidan qon keldi. Bu qonni kimlarga ko‘rsatishdi, keyin nima qilishdi, bilmayman. Bo‘lgan gap shuki, to‘ydan so‘ng biz Silvina bilan totuv yashay boshladik. Uning nomi endi “xotin” bo‘lgani bilan, aslida qiz bola edi. Men Silvinani tobora qattiqroq yaxshi ko‘ra boshladim. Yuragimning rishtalari unga tinmay chirmashaverdi. Oqibatda esa rishtalarga qo‘shib yuragimni ham ildiz-pildizi bilan sug‘urib olishlari mumkinligini bilmabman.
Hayotimiz sokin oqqan suv kabi edi. Lekin bu suvning ostida orzularimizni chilparchin qiluvchi qoyalar borligini payqamabmiz. Silvina hamisha uy yumushlari bilan band bo‘lardi. Buvimga qarardi, daladan qaytishimizga ovqat tayyorlab turardi. Uyimiz chinnidek toza. Hovlini gullarga ko‘mib tashladi. U chaqqon, nozik didli, ozoda qiz edi. Har kuni oltinrang sochlarini tarab, o‘rardi. Sal naridan qarasangiz, sochi sariq emas, qizilga o‘xshab tovlanadi. Yanada uzoqroqdan qaralsa, soch emas – tillaning o‘zi! Mening mahliyo bo‘lib turganimni payqagan buvam darhol tomoqlarini qirib, ogohlantirib qo‘yardilar.
-Qani, Ramadon, echkilar ochdan o‘lmasin tag‘in. Hayda!
Shu echkilar ham ba'zan jonga tegardi. Ertalabdan kechgacha boshlarini o‘tdan ko‘tarishmaydi. Echki zoti jussasi kichkina bo‘lgani bilan dunyoning bor o‘tini esa ham to‘ymasa kerak. Men jonivorlarni o‘tloqqa qo‘yib yuboramanda yana shirin xayolga berilib, Silvinamni o‘ylayman. Tezroq qosh qoraya qolsa-yu, uyga qaytsam. Ammo quyosh aksiga olib qoq tepamda turib oladi. Yotog‘iga enay demaydi. Bir sakrab qo‘limdagi tayoq bilan uni turtib yuborgim keladi. Ba'zan esa turtib erga tushirib, ko‘mib qo‘yishni o‘ylayman. Faqat tun bo‘lsa-yu, tong sira otmasa deyman. Menga qolsa Silvinamning yonida yotaversam, sochlarini silasam… Men unga Filibadagi katta bozorga borganimizda albatta katta taroq olib kelaman, deb va'da qilgandim. Biroq, va'damni bajarolmay, dog‘da qoldim.
Bir kuni buvam bilan pichan o‘rimiga bordik. Uyga shoshilib,sog‘inib qaytsamki, kelin yo‘q! Uy huvillab turibdi. Silvinani akalari zo‘rlab olib ketishganmish. Buvim bechora nochorlikdan ko‘z yoshi oqizib qolaveribdilar.
Qonim qaynab ketdi. Pichoqning dastasini mahkam ushlaganimni sezgan buvam qo‘limni tutib: “Arqonni ber!”-deb baqirdilar. Buvim esa darhol buyruqni bajo keltirdilar. Buvam meni daraxtga mahkam bog‘lab qo‘ydilar.
-Esingni ema, bola! Sen menga tiriklayin keraksan. Men evaramning ovozini eshitishni istayman. Hasan Durvishev naslining tugashiga yo‘l qo‘ymayman! Avval o‘zingdan zurriyot qoldir, ana undan keyin bilgan ishingni qilaver.
Buvam shunday dedilaru eshakka minib tog‘ orti tomon yo‘l oldilar. Sal nari borgach, o‘girildilar-da, buvimga qarab baqirdilar:
-Durvishevning naslini asra! Agar echib yuborsang, kallangni olaman!
Buvim chollarining fe'llarini bilganlari uchun bu buyruqni so‘zsiz ado etdilar. Har qancha yalinib, yolvorsam ham echmadilar. Yuragim toshib, yorilib ketayotgan bo‘lsa-da, buvamning qaytishlarini kutishdan o‘zga choram yo‘q edi. Silvinamning akalariga insof ber, deb Xudoga iltijolar qildim. Ertalabgacha bandi holida turdim. Tongda buvam keldilar. Eshak tez yurganidan og‘zi ko‘pirib ketibdi. Yo‘lni qisqaroq olish maqsadida tikanzorni tik kesib o‘tishgan shekilli, buvamning kiyimlari titilibdi. Buvam salomimga alik ham olmasdan indamay yaqinlashib meni echib oldilar-da, uyga kiritib, eshikni tambalab qo‘ydilar. Chol-kampir qo‘shni xonaga kirishdi. Bu ikki xonani yupqagina devor ajratib turardi. Yuqoriroqda latta tiqib qo‘yilgan tuynuk orqali ularning gaplarini bemalol eshitish mumkin edi.
-Kelindan ajrabmiz!-dedilar buvam horg‘in tovushda.-Behayo akalari uning hali ham qiz ekanini bilib qolib, Rufatga ikki echki evaziga sotishibdi.
-Endi nima bo‘ladi?
-Nima bo‘lardi… Rufatga qo‘shib qo‘yishadi.
-Hech iloji yo‘qmikin?
-Qanaqangi iloj?! Begonadan bo‘lgan bolani qorniga joylagan kelinni boshimga uramanmi? Durvishevlarning qoni shu topgacha buzilmagan, bundan keyin ham buzilmaydi!
-Endi nima qilamiz bo‘lmasa?
-Nima qilishni o‘zim bilaman. Rufat bu dunyoga kelganiga hali pushaymonlar eydi. Qo‘shotarni naq og‘zidan qo‘yaman. Lekin hozir unga tega olmayman. Mayli, kayfini surib yura tursin, chidayman. Avval Ramadonni uylab, bolasining ovozini eshitay, keyin…
Bu gaplarni eshitib, toshdek qotib qoldim. Kun yoyilgach, buvam mullani boshlab keldilar. Qur'onni o‘rtaga qo‘yib, meni “so‘kishmayman, mushtlashmayman, o‘zimni daryoga tashlamayman, jonimga qasd qilmayman”, deb qasam ichdirishdi. Bola ko‘rganimdan keyingina bu qasam kuchdan ketar ekan.
Shu yo‘sinda ixtiyorimni jilovlab qo‘yishdi. Hamma dardimni ichimga yutaverdim. Yuragim ignalar sanchilaverib ilma-teshik bo‘lib ketganday tuyulardi. Silvinaning qishloqqa qaytganini eshitgach, dod deb yuboray dedim. Rufat devor-darmiyon qo‘shnimiz edi. Ammo Silvinaning qaytganini hech kim ko‘rmagandi. Bir oygacha u hatto hovlisiga ham chiqmadi. Keyinchalik voqea oydinlasha boshladi.
Silvina menga tegib, hovlida uy yumushlarini bajarib yurgan kezlari Rufat uni bir ko‘rganu oshiqu beqaror bo‘lib qolgan ekan. Devordan ko‘z ilg‘amas tuynukcha ochib, uni o‘g‘rincha kuzatib o‘tirar ekan. Rufat mendan etti yosh katta edi. Ammo na o‘tin tergani borardi, na dalaga chiqib ishlardi, na qassob otasiga ko‘maklashardi. Turgan-bitgani g‘irt tanbal, takasaltang edi. Ularning ikkita echkisi bo‘lardi, ikkovining bo‘yniga ham qo‘ng‘iroq osilgan edi. Silvinaning Rajab va Umar degan cho‘pon akalari ana shunaqa echki uchun o‘zlarini tomdan tashlaydiganlar toifasidan edi. Rufat ularning ana shu ojizliklaridan foydalanibdi. Rajab bilan Umar shu echkilarga xaridor bo‘lishganida u nomard buning evaziga Silvinani so‘rabdi. Singillarining hali ham qiz ekanini bilib qolishgach, ular Rufatning shartiga ko‘nishibdi.
Men Silvinani juda-juda ko‘rgim kelardi. Lekin vahshiy Rufat xotinini sira uydan chiqarmas edi. O‘ylab-o‘ylab chorasini topdim: qosh qorayishi bilan tomga chiqib, mo‘rini panalab, Rufatning derazasiga qarab yotdim. Uning derazasi juda kichkina edi. Biroq, ichkarida chiroq yoqilgach, ko‘zim ba'zi narsalarni ilg‘adi. Yumaloq xontaxta atrofida o‘tirib ovqatlanishdi. Keyin xontaxtani ko‘tarib, chetga olishdi. Keyin… joy solindi. Keyin Rufat belbog‘ini echdi. Silvina esa unga qaramay, boshini egganicha turaverdi. Rufat uni bag‘riga bosdi…
Uning uyida kerosin chiroq miltillab yonar, mening qalbim esa shamchiroq kabi so‘nayotganga o‘xshardi. Nazarimda yuragim urishdan to‘xtagan edi. Nafas ham olmasdim. Aslida yuragim odatdagidan qattiq tepar, vujudim g‘azabdan titrardi.
Mening tomga chiqishlarimni buvim sezib qolib, buvamga aytib berdilar.
-Ishing bo‘lmasin, qarayversin,-dedilar buvam.-Qahrini qayrasa, minba'd nikoh kechasi kelinning burnini qonatmaydigan bo‘ladi.
Buvamning haq yoki nohaq ekanliklarini tahlil qilib o‘tirmayman. Ammo uning qahr-g‘azab haqidagi gapi chin edi. Agar odamning dardi oshib-toshib ketsa, qahr-g‘azabgina uni bu azobdan qutqaradi. Ichiga somon to‘lg‘azilgan poliz qo‘riqchisini ko‘rganmisiz? Tashidan odamga o‘xshaydi. Biroq ichida somondan bo‘lak hech vaqo yo‘q. Yurak ham, suyak ham yo‘q unda. Yaxshilab toylangan somongina uning qaddini tik tutib turadi. Menda esa yurak bor. Ichim somonga emas, g‘azabga to‘lgan. Mana shu g‘azab qaddimni ko‘tarib turibdi. Qahrimning bari Rufatga qaratilgan. Rufat bir zum ham xayolimdan ko‘tarilmaydi. Dalada ham, yaylovda ham uni o‘ylayman. Ertalab ham, kechqurun ham uni o‘ldirish yo‘lini izlayman. Bolta bilan chopib tashlasammikin yoki qorniga pichoq tiqib, burab-burab olsammikin? Shunday qilganim durust. Darrov o‘lmaydi. Tozza azob chekadi. Ichak-chavog‘ini oyog‘im bilan ezg‘ilasam-ku, rossa xumordan chiqaman. Yo‘q, bunisi bo‘lmaydi. Etarli azob chekmaydi. Bo‘g‘ib o‘ldirganim ma'qul. Ozgina bo‘g‘ib, so‘ng bo‘shatsam, keyin yana bo‘g‘sam… Yo‘q, buni eplash qiyin. Tomog‘iga bir chang solgach, qo‘yib yubormasam kerak. Qiynalmay darrov o‘ladi-qoladi… Shu zaylda uni ming marta o‘ldirib, terisini shilib, ming marta tiriltirdim. Boshim g‘ovlab ketdi. Qo‘llarim titrab, tishlarim g‘ijirlaydigan bo‘lib qoldi. Poliz qo‘riqchisi somoni bilan yonib ketdi – alahlaydigan bo‘lib qoldim.
Buvam bu ahvolimni ko‘rib, sarosimaga tushdilar. To‘g‘risini aytsam, buvamning havotirlari mening tobim ayniganidan emas, balki Durvishevlar avlodining, zurriyotning taqdiri qil ustida ilinib qolganidan edi. Bir oz o‘zimga kelganimdan so‘ng, qo‘limdan etaklab Trigradga – baqaloq Oysha xolanikiga olib bordilar. U menga turli giyohlardan tayyorlangan dorilardan ichirdi, badanimga qandaydir badbo‘y moylarni surtdi. Bir haftadan keyin alahsiramaydigan bo‘ldim. Lekin buvam meni qishloqqa qaytarishga shoshilmadi. Oysha xolaga:”nima qilsang qilasan, lekin bolam er yigit bo‘lishi shart”, deb yana tashlab ketdi.
Boshimga yana bir balo yog‘ildi: achchiq ovqatu qo‘lansa dorilar azobida qoldim. Oysha xolaning muolajasimi yo yoshimning ulg‘ayishimi sabab bo‘lib, bir necha oydan so‘ng o‘zimni boshqacha seza boshladim. Ana shundan keyingina buvam etib keldilar.
-Endi uylantirsam bo‘ladi. Rufatning qonini qo‘msayverib, tinkam quridi,-dedilar.
-Meni istasangiz uylantiring, istasangiz tiriklayin ko‘mib tashlang, ammo Rufatga tega ko‘rmang. U bilan o‘zim hisob-kitob qilaman,-dedi buvamga.
Ko‘p tortishuvlardan so‘ng, buvam taslim bo‘ldilar. Rufatga qo‘l ko‘tarmayman, deb ont ichdilar. Men Trigradning o‘zidayoq uylandim. Bu safar nikoh kechasi bizbizak o‘ynamadik. Hammasi risoladagidek bo‘ldi. Oy-kunlar o‘tib, bola ham tug‘ildi.
Buvamning xursand bo‘lganlarini, quvona-quvona kulganlarini dadamning vafotlaridan beri ko‘rmagan edim. Evaralarini qo‘llariga olib rostmanasiga yayrab kuldilar… Keyin… oradan uch kun o‘tgach, bexosdan qaytish qilib berdilar. Tuppa-tuzuk yurgan edilar, kelib o‘rinlariga yonboshladilar, jilmaydilar, qovoqlari uchdi. Keyin menga tikilib qaradilar:
-Xudoga shukur, Durvishevlarning zurriyoti qurimaydigan bo‘ldi. Dadangga bu xayrli xabarni etkazay endi. Rufatning jonini esa sening qo‘lingga topshirib ketaman…
Shunday dedilaru osongina jon berdilar.
Ana, mulla Ramadon, elkangizga etarlicha yuk tushdi. Bir qo‘lda dushmaningiz, bir qo‘lda bolangiz va xotiningiz! Eplay olarmikinsiz?
Ichiga somon toylangan bo‘lsa ham, poliz qorovuli tirgovichsiz tik turolmaydigan bo‘lib qoldi. Boshim ro‘zg‘or tashvishidan chiqmaydi. Echkilarni o‘tloqqa haydash kerak, dalaning ishlari ham mening zimmamda… Jigarim bilan yuragim esa qassob Rufatning qo‘llarida – istagan ko‘yiga soladi.
Avval bolamning sal kattaroq bo‘lishini kutishga qaror qildim. Bola ko‘krakdan ajralib ovqatga o‘rgansa, Rufatning qornini yoraman… Keyin bolamning tetapoya bo‘lishini kutdim. Bu paytda Silvina ham qo‘lida bola ko‘tarib hovliga chiqadigan bo‘ldi. Uzoq yo‘l yurib charchaganday hovlida sekin yuradi. Yuzini ro‘mol bilan to‘sgan. Biroq, bizning hovli tomonga qarab-qarab qo‘yadi. Men devordagi tuynukdan, Rufat esa derazasidan tikiladi. Xotinim meni betinim kuzatadi. Baxtimga u rashkchi emas. Nima uchun devor yaqinidan ketmay qolganimni bilsa ham indamaydi. Yig‘lab-yig‘lab o‘zini ovutadi.
Kunlar shu zaylda o‘ta boshladi. Daladan ham, yaylovdan ham oqshom tushmay qaytaman. Birrov bo‘lsa ham devordagi teshikdan mo‘ralayman. Silvinani ko‘rsam ko‘rdim, bo‘lmasa tun bo‘yi Rufatning terisini shilaman, bo‘g‘aman, zaharlayman. Xullas, o‘ldirishning necha xil turi bo‘lsa, barchasini bajaraman. Shunda ham ko‘nglim taskin topmaydi. Rufatni o‘ldirishga qat'iy qaror qilaman. Qo‘limga pichoq ham olaman. Ammo bu ishim uchun qamoqxonaga tushishim aniqligini, undagi devor teshigidan mo‘ralab Silvinani ko‘rish mumkin emasligini o‘ylayman-da, fikrimdan qaytaman.
Kunni kun, oyni oy, yilni yil quvib o‘taverdi. Bolalar tug‘ilaverdi. Durvishevlarning avlodi tomir yoyib ko‘paydi – buvam orzu qilganlaridan ham ziyodaroq bo‘ldi. Buvamning zurriyot bobidagi tashvishlariga endi hech qanday o‘rin qolmadi. Rufatning hovlisini ajratib turgan taxta devor chiridi. Lekin alam eskirmadi, qayralgan tishlar chirimay qolaverdi. Amalga oshmagan orzular so‘nmadi.
Rufatning qassoblik do‘konini yopib qo‘yishdi. Dard ustiga chipqon bo‘lib, yoshlikdagi taralla-bedodlari, aroqxo‘rliklari meva tugdi: xastalik unga azob bera boshladi. U nodon shunda ham aqlini yig‘may, aksincha, ponani pona bilan chiqaradilar, deb samogonga ruju qo‘ydi-yu, oqibatda ko‘rpa to‘shakka mixlandi. Qizi boshqa qishloqlik yigitga turmushga chiqqach, Silvina nogiron Rufat bilan yolg‘iz qoldi. Bir kuni qattiq shamol turib, o‘rtadagi chirigan taxta devor quladi. Ko‘p o‘ylab o‘tirmay Rufatnikiga xuddi o‘z uyimga kirganday kirib bordim. Ilk marta uchchovimiz bir erga to‘plandik. Qirq yil badalida ko‘zlarimiz endi to‘qnashdi.
Men ham Xudoning bir gunohkor bandasiman-da, oshnam, shu desangiz shaytonning vasvasasiga berilib, Rufatning ko‘z oldida Silvinani bag‘rimga bosmoqchi, uning esa alamdan azob chekishini tomosha qilishni o‘yladim. Tomdagi mo‘rini panalab yotgan kechalarim yodimga tushdi. Biroq: “U hayvonlik qilgan bo‘lsa, sen odamsan-ku!”- deb vasvasa qilayotgan shaytonni quvdim.
Endi munosabatlaring qanday, deysizmi? Obbo oshnamey, munosabatimiz o‘sha-o‘sha. Rufat hamisha sovuqdan qaqshagani qaqshagan. O‘tin keltiray desa, eshagi yo‘q. Silvina qiynalmasin, deb o‘tinlarni men keltirib, pechlarini ham o‘zim yoqib beraman. Har kuni bir eshak o‘tin keltiraman. Baribir etmaydi. O‘rmonchilar jarima solamiz, deb g‘avg‘o ko‘tarishyapti. Shuning uchun kechasi daryoni kechib o‘tyapman. Meni qirq yil badalida dam cho‘g‘ ustida, dam muz ustida yalangoyoq saqlagan bandani isitish uchun jonimni jabborga beraman. Qilmay desam bo‘lmaydi. Silvinaga rahmim keladi. Ba'zan ovqat eyishiga ham o‘zim balogardonman. Ba'zan, aybga buyursangiz ham aytay, taglarini tozalashga ham to‘g‘ri keladi. Silvina nozik ayol, bunaqa ishlarga qiynaladi. Shuning uchun kamina Rufatning atrofida parvona. Hamqishloqlar: “Qo‘shni degan kiroyi Ramadonday bo‘lsa”, deb hamdu sano o‘qishadi. Biroq hech kim ichimdagini bilmaydi. Ichimda go‘yo qo‘rg‘oshin qaynaydi. O‘ladigan bo‘lsa, tezroq omonatini topshira qolsa-yu, Silvinaga uylansam, er-xotin bo‘lib bir to‘shakda yotsam, deyman. Xotinim ham, bolalarim, nevaralarim ham ko‘zimga ko‘rinishmaydi. Nima bo‘lsa bo‘lar, deyman. Ammo Rufat bez bo‘lib yotib olgan – xuddi meni masxaralayotganga o‘xshaydi. Yo o‘lmaydi, yo tuzalmaydi. Vaqt esa o‘tyapti. Tizzalarimda mador yo‘q, oyoqlarim titrayapti. Bu ahvol davom etaversa, nazarimda Silvina bilan er-xotinday yotsak ham, aka-singil bo‘lib tursak kerak. Rufat ham qiynalyapti, biz ham. Bechora ikki yildan beri do‘zaxning eshigini taqillatib yotibdi. Ochila qolsa bo‘lmasmikin bu eshik! Bo‘g‘ib o‘ldira qolay, desam, qo‘lim bormaydi. Bir-ikki kun sovuqqa qo‘ysam-ku, tayyor bo‘ladi-ya. Lekin Silvinaning umidvor ko‘zlariga ko‘zim tushsa, eshakni etaklab o‘rmonga jo‘naganimni o‘zim ham sezmay qolaman.
Nima qilishni bilmay, boshim qotgan. Agar fikringiz ojizlik qilmasa, menga biror jo‘yali maslahat bering. Bo‘lmasa, anavi o‘tinlarni eshagimga ortishib yuboring. Tezroq bora qolay, sho‘rlik jon uyida sovuqdan tishlari takillab yotgandir.

Tohir Malik tarjimasi



Muallif haqida

Abduvali

Leave a Comment