Psixologik testlar

Hozirgi zamon psixologlari oila mustahkamligi bo‘yicha nima demoqda?

Muallif Abduvali

Jar yoqasida turgan odamga birgina epkin ham halokatli ta'sir etishi mumkin. Janjallashib turgan er-xotinga birgina ortiqcha gap bu oilani inqirozga uchratishi hech gap emas. Yoki aksincha…

Odamzod shunday: muammoli vaziyatda uning fikrini yaxshi tomonga o‘zgartirib, hayotini saqlab qolishga ko‘maklashadigan, dalda beradigan insonga ehtiyoj sezadi. Bu, ayniqsa, oilaviy munosabatlarda juda muhim ahamiyat kasb etadi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi oldiga, ta'bir joiz bo‘lsa, ana shunday najotkorlik vazifasi qo‘yilgan. Jamiyatning eng muhim bo‘g‘ini hisoblangan oilani asrash, mustahkamligini ta'minlash, sog‘lom ma'naviy muhitni shakllantirish, yoshlarni oilaga tayyorlashga ko‘maklashish kabi o‘ta muhim vazifani ado etishda markaz ko‘plab ishlarni amalga oshirmoqda. Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, ajrimlarning oldini olish, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, kam ta'minlangan oilalarga yordam ko‘rsatish kabi yo‘nalishlarda amaliy qadamlar qo‘ymoqda. Markazning viloyatlardagi boshqarmalari va tumanlardagi bo‘limlari ham o‘z faoliyatini boshlagani sa'y-harakatlarni birlashtirish, masalaga tizimli yondashishda qo‘l kelmoqda.

Yaqinda markazning viloyat boshqarmalari boshliqlari uchun 72 soatlik o‘quv seminari tashkil etilib, muassasa oldida turgan vazifalarni tizimli tarzda bajarish, faoliyat samaradorligini yanada oshirish masalasi ko‘rib chiqildi. Markazning katta ilmiy xodimlari, mas'ullari va psixolog olimlar hududlarda oilalar bilan ishlash, ulardagi muammolarni hal etish usullari, aholining fikrlarini o‘rganish borasida ishtirokchilarga aniq ko‘rsatmalar berishdi.

— Oldimizda katta vazifalar turibdi, — deydi «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi direktori Dilorom ­TOShMUHAMEDOVA. — Respublikamizning turli hududlarida yurib, xonadonlarga kirib, ularning turmush tarzi bilan yaqindan tanishib angladikki, oilalardagi vaziyatni o‘sha hududning demografik holatini o‘rganmasdan, elning an'analari, qadriyatlarini hisobga olmasdan turib, umumiy qoidalar asosida hal etib bo‘lmaydi. Bu narsa, albatta, bizning viloyatlardagi va tumanlardagi xodimlarimiz zimmasiga katta mas'uliyat yuklaydi.

Jamiyatimizda oila institutini mustahkamlash borasida qator kamchilik va muammolar ham etarli. Ajrim yoqasiga kelib qolgan oila to sudga qadar etib borguncha, albatta, psixolog ko‘rigidan o‘tishi kerak. Ozgina ruhiy zo‘riqish yoki er va xotinning bir-birini tushunolmasligi ham vaziyatni zo‘raytirib, katta janjalga sabab bo‘lishi mumkin. Bunday holatlarning oldi olinib, oila a'zolariga maslahatlar berilsa, muammo o‘z vaqtida hal bo‘ladi. Lekin afsuski, bizda aynan psixolog mutaxassislar etarli emas. Shu sabab psixologlarni etishtirish uchun ham alohida o‘quv kurslari ochish hamda shu soha bo‘yicha ta'lim olgan mutaxassislarni oila psixologiyasiga yo‘naltirish zarur.

— Haqiqatan ham, oila bilan yuzma-yuz uchrashib, dardini, muammosini eshitib, keyin shunga ko‘ra ish ko‘rilsa, natija yaxshi bo‘lar ekan, — deydi «Oila» markazining Namangan viloyati boshqarmasi boshlig‘i ­Mo‘'tabar MAQSUDOVA. — Boshqarmamiz o‘z faoliyatini boshlagach, bir oy ichida yuzga yaqin oilani yarashtirishga muvaffaq bo‘ldik. Biz oilalar bilan tajribali psixolog, pedagog, olim va katta hayotiy tajribaga ega namunali xonadon vakillari bilan birga suhbatlar o‘tkazyapmiz. Natija esa kutilganidan ham a'lo. Viloyatdagi namunali, nizoli, nochor va o‘rtahol oilalarni aniqlab, ularning ma'lumotlar bazasini yaratishga kirishdik. Maqsadimiz, xonadonlardagi muammolarni aniq manzilli hal etish, hech qaysi oilani nazardan chetda qoldirmaslikdir.

— Viloyatimiz aholi soni ko‘pligi bilan ajralib turadi, — deydi «Oila» markazining Farg‘ona viloyati boshqarmasi boshlig‘i Bashoratxon Jalilova. — 19 ta tuman va shahrimizning har birida «Oila» markazining bo‘limlari tashkil etilib, faoliyatini boshladi. Viloyatimiz hokimi va viloyat xotin-qizlar bo‘limi raisi bilan hamkorlikda oilalarni o‘rganish, ulardagi muammoning tub ildizigacha e'tibor qaratib, hal etishga harakat qilyapmiz.

Nizoli oilalarni kirib o‘rganganimizda yoshlarning oilaga tayyor emasligi juda ko‘p uchraydigan muammolarni keltirib chiqarayotganiga amin bo‘ldik. Ko‘p qizlar oila qurishga, yigitlarimiz ro‘zg‘or tebratishga layoqati etmasligini ko‘rdik. Lekin bu yagona masala emas. Hatto, qaynonalar, ba'zida qaynotalar ham yosh oilalar hayotiga asossiz aralashmoqda. Demak, bunday holatlarda oila psixologlariga, tajribali insonlar pand-nasihatiga, shaxsiy namunasiga ehtiyoj katta bo‘lishi tabiiy.

Seminarda markaz xodimlarining ana shunday jihatlarga e'tiborli bo‘lishi, oilalarning mustahkamligini ta'minlash yo‘lida bor kuch-g‘ayrati, salohiyatini ishga solishi muhimligi ta'kidlandi.

Navbatdagi o‘quv seminarlarni hududlarda, markazning tuman bo‘limlari xodimlari hamda FHDYo organlari vakillari uchun davomli o‘tkazib borishga kelishib olindi.

Zilola XUDOYBERDIEVA,
«Oila davrasida» muxbiri



Muallif haqida

Abduvali

Leave a Comment