Maqolalar

«Barbi» ko‘ylagida yashiringan xavf

Muallif Abduvali

Yaqinda bozorda singlim uchun o‘yinchoq izladik. Niyatimiz, qirq kokilli, egnida atlas libosli qo‘g‘irchoq olish edi. Biroq afsuski, bunday qo‘g‘irchoqni topib bo‘lmadi.

Bozorni zamonaviy, bir-biridan «go‘zal» o‘yinchoqlar egallagan. Ayrimlari odamga o‘xshaydi-yu, ammo biroz qo‘rqinchli. Bolalar nigohida esa ular «super qahramon» sifatida gavdalanadi. Libosi yarimta, qiyiq etmay qolganga o‘xshash «barbi»larni aytmaysizmi?! Bolaga bergani uyalasan kishi.

— Farzand tarbiyasiga befarq bo‘lmagan ota-ona, ayniqsa, o‘yinchoq tanlashda alohida ehtiyotkor bo‘lishi zarur, — deydi psixolog Hazrat JABBOROV. — Sababi, xorij madaniyatini o‘zida mujassam etgan o‘yinchoqlarning bola tarbiyasiga salbiy ta'siri katta. Bolaning bir yoshdan maktab yoshigacha bo‘lgan yillar o‘yinchoq o‘ynashga moyil davri hisoblanadi. Aynan bolalik o‘yinlari ularning ijtimoiylashuvi, hayotni bilishi, oila a'zolarining rolini tushunishi, voqelikni anglashiga yordam beradi. Shunday ekan, ular qo‘lidagi qo‘g‘irchoq dunyoqarash, xulq-atvor, kelajakda qanday inson bo‘lib voyaga etishiga bevosita o‘z ta'sirini o‘tkazadi.

Birgina G‘arbdan kirib kelgan «Barbi»ni o‘ynagan qizlar ongida barchani mahliyo qilish uchun bachkana pardoz va yarim yalang‘och kiyinishga da'vat etadigan «ommaviy madaniyat» unsurlari shakllanadi. Uning ruhiyati va xarakteriga g‘arbona ta'sir ko‘rsata boshlaydi. Yana juft qilib qadoqlangan qo‘g‘irchoq, bu ham etmagandek ayoli homilador ko‘rinishida bo‘lsa, sharm-hayo tuyg‘ularini unutib, uyatni oddiy va ahamiyatsiz narsaga aylanib qolishiga olib keladi. Erta nikoh sabablaridan biriga ham aylanishi mumkin.

Endi bir o‘ylab ko‘ring. Yarim ochiq kiyimli qo‘g‘irchoq o‘ynagan boladan, milliy libos kiyishni so‘rab bo‘ladimi? Aslida bolaga o‘yinchoqlar oilaviy qadriyatlar, milliy o‘zlikni anglash, vatanparvarlik, mehnatsevarlik kabi xususiyatlarni shakllantirishga xizmat qilishi lozim. Buni «Barbi», «Supermen», «O‘rgimchak odam», «Shrek» singari qo‘g‘irchoqlar orqali singdirib bo‘lmaydi. Aksincha, o‘zbek xalqining milliy qahramonlari «Alpomish», «Barchinoy», «To‘maris», ertaklardagi «Zumrad», «Qimmat», «Turonbotir»larni gavdalantirgan o‘yinchoqlar yordamida shakllantirish mumkin.

Demak, mehr to‘la bag‘riga mitti ona sifatida qo‘g‘irchoqni bosib alla aytgan qizlarimizga chet eldan kirib kelgan buzg‘unchi g‘oyalarni emas, momolarimiz hayosi yuz-ko‘zida, egnida aks etgan milliy qo‘g‘irchoqlarni sovg‘a qilaylik. Shunda farzandlarimiz oqila, dono, yuksak ma'naviyatli bo‘lib kamol topadi.

Farangiz NE'MATOVA,
Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi bo‘limi etakchi mutaxassisi

od-press.uz



Muallif haqida

Abduvali

Leave a Comment