Maqolalar

«Erim telefonida behayo narsalar ko‘radi, bu kamdek ularni…»

Muallif Abduvali

Davralardan birida tanish ayol hasrat qilib qoldi: «Erim telefonida behayo narsalar ko‘radi, bu kamdek ularni o‘rtoqlari bilan “oldi-berdi” ham qiladi. Begona ayollar bilan gaplashadi, yozishadi. “Bunday qilmang”, desam, “Men erkakman!” deb osmondan keladi. Qaynonamdan o‘g‘liga nasihat qilishini so‘radim. Javobini eshitib esa angrayib qoldim: “Erkak kishiga aybi yo‘q, qizim. Yigitchilikda bo‘ladi-da bunday ishlar, e'tibor bermang».

Bu xulosada suhbatdosh ayolning qaynonasiga hamfikrlar ko‘p bo‘lmasa ham, etarlicha bor. Vaholanki, gunohning  jinsi bo‘lmaydi. Ya'ni, zino yoki zinoga olib boradigan holatlar (ochiq-sochiqlik, aralashib yurish)ga faqat ayolga harom, erkakka halol deb qarash aslo islomiy tushuncha emas. Alloh taolo Qur'oni karimda ogohlantiradi: (Ey Muhammad!) Mo‘minlarga ayting, ko‘zlarini (nomahram ayollardan) quyi tutsinlar va avratlarini (zinodan)saqlasinlar! Mana shu ular uchun eng toza (yo‘l)dir. Albatta, Alloh ular qilayotgan (sir) sinoatlaridan xabardordir. Mo‘minalarga ham ayting, ko‘zlarini (nomahram erkaklardan) quyi tutsinlar va avratlarini (zinodan)saqlasinlar!” (Nur, 30–31).

Payg‘ambar (a.s.) erkak va ayol – jamiyatning ikki asosi bir-biriga qanchalik ta'sir ko‘rsatishini quyidagi hadisi sharifda ochiq-oydin bayon qiladilar: “Siz erkaklar iffatli bo‘lsangiz, ayollaringiz ham iffatli bo‘ladi” (Tabaroniy rivoyati).

Bir g‘alati holat bor – fahsh suratmi, lavhagami ayollarning qarashi uyat sanaladi. Ularni erkaklar ko‘rishi, hatto munosabat bildirishi esa g‘oyat tabiiy qabul qilinadi. So‘kinib gapirish ham shunday. Yana judayam mantiqsiz manzara – erkak kishi o‘ziga halol bilgan hayosizliklardan ayoli, farzandlari yoki yaqinlarini qattiq himoya qiladi. Go‘yo unga mumkinu bularga mumkin emasdek. Aslida esa, shariatimiz har qanday buzuqlik, fahsh ishlar, so‘kinish kabi gunohlardan hammani barobar qaytaradi.

Payg‘ambar (a.s.) erkak bo‘lganlari holda Haq taolodan duolarida taqvo va iffat so‘rardilar. Oysha onamiz (r.a.) aytadi: “Rasululloh (s.a.v.)ning kichkina tillari ko‘rinadigan darajada qahqaha otib kulganlarini ko‘rmadim. Faqat tabassum qilardilar. Yana u zot uyida ham hijob tutgan yosh qizdan-da iffatli va hayoli edilar”.

Payg‘ambar (a.s.) ayollarni satri avrat borasida juda ko‘p bor ogohlantirganlar. Erkaklarga esa mazkur xususda shaxsan o‘zlari namuna ko‘rsatganlar. Hadislardan ma'lumki, Rasululloh (s.a.v.) yashil va oq rangli libos kiyishni yaxshi ko‘rganlar. Hech qachon a'zolarni bildirib turadigan darajada tor kiyimlar kiymaganlar. Erkaklarni ayollarga xos qizil va yorqin rangli liboslarda yurishdan qaytarganlar. Sonni ochib yurmaslikni, hatto o‘likning ham soniga qaramaslikni nasihat qilganlar. Qorin va ikki tizza orasi erkak kishining avrati ekanini aytganlari holda, o‘sha belgilangan a'zolardan tepasi yoki pastini hech qachon ochib yurmaganlar.

Biroq bugungi kundagi musulmon erkaklar kiyimlariga nazar tashlasak, mazkur nasihat va qaytariqlarga ters holatlarga guvoh bo‘lamiz: tor shimlar, rango-rang ko‘ylaklar, tizzadan ancha yuqoriga chiqib ketgan shortiklar, ilma-teshik maykalar…

Qur'oni karim iffatning tashqi ko‘rinishi sifatida avratlarni berkitishni buyuradi, shu bilan birga, “taqvo libosi” haqida so‘z yuritadi: “Ey Odam avlodi! Sizlarga avratlaringizni berkitadigan libos va patlar (ziynat kiyimlari)ni tushirdik. (Ammo) taqvo libosi – bu, yaxshiroqdir…” (A'rof, 26). Bu ogohlantirish ham erkak-ayol – barcha musulmonlarga tegishli.

Qur'oni karim faqat ogohlantirib, buyruq berib yoki taqiq qo‘yibgina qolmay, bularni hayotga qanday tatbiq etishni ham “jonli misol”lar bilan ko‘rsatadi. Kalomi sharif bizga taqdim qilgan ikki iffat timsoli bor: ayollardan hazrat Maryam, erkaklardan hazrat Yusuf. Mazkur qissalarni o‘qir ekanmiz, ham jisman, ham qalban taqvo libosida yashashning mukofoti qanchalar ulug‘ ekaniga guvoh bo‘lamiz. Mavzumizga ko‘ra, Qur'oni karimda “ahsanul qasas”, ya'ni “qissalarning eng go‘zali” deb nom berilgan hazrat Yusuf qissasiga to‘xtalamiz. Yusuf (a.s.)ni otasi Ya'qub (a.s.) boshqa bolalaridan ko‘proq yaxshi ko‘rardi. Tabiiyki, bu hasadni vujudga keltiradi. Yusuf og‘a-inilari tomonidan chuqurga tashlanadi. Alloh yordami bilan chuqurdan qutulib, Misrga boradi, qul bozorida sotiladi. Uni sotib olgan Misr azizining saroyida xizmat qila boshlaydi. Yusufning  husniga maftun bo‘lgan Misr azizining xotini u zotga turli tuzoqlar qo‘yib, nafsini qondirishni istaydi. Yusuf esa ayolni rad qiladi, bundan ko‘ra zindonda yotishni afzal biladi. Taqvosi, ixlosi, samimiyati bilan ilohiy mukofotga erishadi, nubuvvat va saltanatga noil bo‘ladi.

Qissadan hissa, iffatlilikning mukofoti tayin. Hayosizlikning jazosi ham. Va bu faqat ayollarga xos emas. “Yigitchilikda aybi yo‘q”, “Erkak kishiga jin ham urmaydi”, degan da'volar tamoman puchdir.

Zilola Suyarova tayyorladi.

Manba: irfon.uz



Muallif haqida

Abduvali

1 Bildirilgan fikr

Leave a Comment