Qiziqarli

Oyoq kiyimingizni uzoq muddat kiymoqchi bo‘lsangiz quyidagilarga amal qiling

Muallif Abduvali

Yog‘in-sochinli kunlar boshlanishi bilan poyabzalning «xizmati» ikki barobarga oshadi. Uning chidamliligini oshirish, chiroyli ko‘rinishini saqlash uchun esa quyidagi tavsiyalarga amal qilinsa, foydadan xoli bo‘lmaydi…

ChARM POYABZALLAR

Har kuni nam latta bilan arting. Poyabzal judayam iflos bo‘lib ketgan holda tozalovchi vosita, masalan, idish yuvishda ishlatiladigan vositani suvga aralashtirib, keyin poyabzalingizni tozalang. Yog‘inli kunlarda poyabzalni yaxshilab kremlang. Kremning tarkibida mum asosiy o‘rinni egallashi lozim. U charmni yumshatadi, oson singiydi va suvni o‘tkazmaydi.

Haftada bir marta poyabzalingizga maxsus suv o‘tkazmaydigan sprey bilan ishlov bering.

ChARM O‘RNINI BOSUVChI AShYoDAN TAYYoRLANGAN POYABZALLAR

Har kuni nam latta bilan arting. Agar yog‘in-sochinli kun bo‘lsa, kremlang, lekin charm poyabzallar uchun mo‘ljallangan kremdan foydalanmang. Chunki uning tarkibidagi mum poyabzalingizga singish o‘rniga yupqa qatlam hosil qiladi va loyni o‘ziga tortadi. Bunday poyabzallar maxsus krem bilan kremlanadi.

LOKLANGAN POYABZALLAR

Har kuni nam latta bilan arting. Agar loy yopishgan bo‘lsa, uni spirt bilan tozalang: spirt lokni emirmaydi.

Haftada bir marta tarkibida mum bo‘lmagan krem bilan kremlang. Krem tarkibida lanolin yoki glitserin bo‘lishi lozim. Ular loklangan yuzani yorilishlardan asrovchi yupqa qatlam hosil qilishadi va poyabzalni yaltiratadi.

ZAMSh POYABZALLAR

Qora va jigarrang poyabzallarni nam latta bilan artish, boshqa ranglilarini esa kimyoviy tozalashga berish tavsiya etiladi. Bunday poyabzallarni maxsus cho‘tka bilan tozalash kerak.

Haftada bir maxsus suv o‘tkazmaydigan sprey bilan ishlov bering. Agar har kuni yomg‘ir yog‘adigan bo‘lsa, bu ishni haftada bir necha marta takrorlang.

POYABZALNING UCh «DUShMANI»

Bolalar kremi

Ko‘pchilik bolalar kremi poyabzal uchun eng yaxshi himoya deb o‘ylaydi. Aslida bunday emas: u poyabzalni yupqa moyli qatlam bilan qoplab oladi hamda chang va loyni o‘ziga tortadi. Bundan tashqari, bolalar kremidan foydalanilganda, charm judayam yog‘lilashib ketadi.

Isitish batareyasi

Poyabzalni aslo isitish batareyasi ustida yoki yonida quritib bo‘lmaydi. Charm tortilib, poyabzal kichrayib qolishi mumkin. Poyabzalni quritish uchun uning ichiga gazeta tiqing, so‘ngra batareyadan 30 santimetr uzoqlikka qo‘ying.

Maxsus cho‘tka (gubka)

Doimiy ravishda gubkadan foydalanish mumkin emas. Uning tarkibidagi silikon poyabzalni tez emirilishiga olib keladi.

Yuqoridagi tavsiya va maslahatlarga amal qilsangiz, poyabzalingiz sizga ko‘proq xizmat qilishi shubhasiz.

DILShODBEK tayyorladi.



Muallif haqida

Abduvali

Leave a Comment