Maqolalar

Korruptsiyaning asl ildizlar qaerda? Qanday illatlar uning butun jamiyatni qamrab olishiga olib keladi?

Muallif Abduvali

Jamiyatni ich-ichidan emiruvchi, uni muqarrar inqiroz sari etaklovchi, xalqni muhtojlikka giriftor qiluvchi, davlatning zaiflashishiga olib keluvchi eng qudratli illat bu – korruptsiya hisoblanadi.

Xo‘sh korruptsiyaning asl ildizlar qaerda? Qanday illatlar uning butun jamiyatni qamrab olishiga olib keladi?

Kun.uz saytida 2018 yil 2 yanvar kuni e'lon qilingan “Qahramon prokuror. O‘zbekistonda poraxo‘rlikka qarshi kurash uchun rumincha namuna” (http://kun.uz/82892773) nomli maqola menda juda chuqur ta'sirot o‘yg‘otdi. Men ham shu Vatanning oddiy bir fuqarosi sifatida ushbu dolzarb muammo yuzasidan ba'zi mulohazalarimni siz azizlar bilan o‘rtoqlashishga qaror qildim.

Transparency International tashkiloti tomonidan 2017 yilning yanvar oyida e'lon qilgan ma'lumotiga ko‘ra, 2016 yilgi korruptsiyadan xoli 176 ta mamlakatlar ro‘yxatida O‘zbekiston 156 o‘rinni egallagan. Biroq ushbu ro‘yxatning eng yuqori pag‘onalarini band qilgan mamlakatlar bunga qanday erishdilar? Bu savol meni izlanishga va bir qancha qiyosiy tahlillar o‘tkazishga undadi.

Transparency International tashkilotining ro‘yxatidagi eng yuqori va quyi o‘rindagi mamlakatlar bilan tanishing.

Transparency

Keling, avvalo korruptsiyani minimal darajagacha kamaytira olgan va ro‘yxatning eng yuqori o‘rinlarida turgan Daniya, Yangi Zelandiya, Finlandiya, Shvetsiya va Singapur kabi davlatlarining tajribasini o‘rganaylik.

Daniya2016 yilda o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra Daniya fuqarolarining 3% korruptsiyaga duch kelganini bildirishgan. Xo‘sh Daniya poraxo‘rlikga qanday qilib barham bergan?

Sizga bu qanchalik siyqa va haqiqatdan yiroq eshitilmasin, biroq Daniyada jamiyat ongida korruptsiyaga nisbatan nafrat shakllangan va halol amaldor qanday bo‘lmasin — har qanaqasiga rag‘batlantiriladi.

Bundan tashqari, ishga kirmoqchi bo‘lgan kishi mehnat shartnomasi bilan birgalikda antikorruptsion bitimni (xodimga pora bermaslik va pora olmaslik majburiyatini yuklovchi hujjat) imzolamasa birorta kompaniyaga ishga qabul qilinmaydi. Hattoki antikorruptsion bitimni buzishga urinish ham ishdan haydalishga olib keladi.

Daniyaning “Xalqaro rivojlanish agentligi” da shoshilinch aloqa mavjud bo‘lib, har qanday fuqaro korruptsiya bo‘yicha unga tezkor murojaat qilishi yoki shikoyat qilishi mumkin. Barcha shikoyatlar sinchiklab tekshiriladi va aybdorlar so‘zsiz jazolanadi.

Daniya yildan-yilga korruptsiyaga qarshi kurashda mas'uliyatni keskin ravishda oshirib bormoqda. Masalan, Daniya parlamentining 2016 yilda qabul qilgan me'yoriy hujjatiga asosan davlat sektorida poraxo‘rlik uchun jinoiy javobgarlik (jazo) muddati ikki martaga oshirildi, ya'ni uch yildan olti yilgacha, xususiy sektorda esa esa bir yildan to‘rt yilgacha oshirildi.

Yangi ZelandiyaXuddi Daniyadagi singari, Yangi Zelandiyada ham davlat siyosati shunday olib boriladiki, fuqarolar go‘dakligidanoq korruptsiyaga qarshi tarbiyalanadilar. Mamlakatda korruptsiyani aniqlovchi ko‘plab muassasalar tashkil qilingan. Shunday tashkilotlardan biri “Korruptsiyaga qarshi kurashish mahkamasi (SFO)” amaliy jihatdan cheklanmagan vakolatlarga ega. Ushbu mahkamaning vakillari istalgan fuqarodan (farroshdan tortib to vazirgacha) istalgan hujjatni talab qilishga haqli hisoblanadilar.

Yana bir muhim fakt, jurnalistlar har qanday amaldorlar va siyosatchilarning hisoblaridagi har bir dollarni kuzatib boradilar. Yuqori lavozimli shaxslarning kvartiralarga, avtomobilga, kiyimlarga, qimmatbaho buyumlarga, mehmonxonalarga va hatto restoranlarga xarajatlari haqidagi nashrlar muntazam e'lon qilib boriladi. Har qanday, hatto arzimas korruptsion shov-shuv yoki majoro amaldorning ishdan chetlashtirilishi bilan yakunlanadi.

Davlat miqyosida korruptsiyaga qarshi o‘quv kurslari o‘tkazib turiladi. Yangi Zelandiyaliklarga, agar ular poraxo‘rlik yoki fribgarlik holatini qayd etsalar qaerga va qay tarzda shikoyat qilish zarurligi batafsil tushuntiriladi.

FinlyandiyaBu mamlakatda korruptsiyaga qarshi yoki korruptsiyachilar ustidan nazorat bo‘yicha hech qanday qonun, hech qanaqa maxsus davlat xizmati mavjud emas. Biroq korruptsiya ham yo‘q. Xo‘sh qanday qilib bunday bo‘lishi mumkin?

Aynan shunday va fuqarolarning asosiy qismida to‘g‘ri mentalitet tarbiyalangan. Fuqarolar pora bermaydilar – amaldorlar esa pora olmaydilar va pora talab qilmaydilar. Qani talab qilib ko‘rchi. Ushbu fakt darhol ommaviy axborot vositalarida e'lon qilinadi. Jurnalistlar esa aynan ushbu holatda eng samarali fuqarolik nazoratining kafolati hisoblanadilar. Ularga quloq tutadilar, ular tomonidan keltirilgan barcha faktlar qayta tekshiriladi.

Finlandiyada xalq deputatlari, vazirlar, sudyalar, prokurorlar dahlsizlik mandatiga ega emaslar va korruptsiyaga daxldorligi tasdiqlangan har qanday holatda, bir lahzadayoq sud qarshisida so‘roq beradilar. Bunday holatlar ko‘plab yuz bergan va oxirgi besh yil mobaynida olti nafar vazirlar va 23 nafar yuksak lavozimli hukumat amaldorlari ishdan chetlashtirilganlar.

Hatto mamlakat prezidenti ham sudlanuvchining qora kursisida o‘tirishdan himoyalanmagan.

ShvetsiyaBu mamlakat korruptsiyani engish uchun fuqarolarning davlat hujjatlari bilan tanishishlari, uni o‘rganishlari va tahlil qilishlari uchun imkoniyatni maksimal darajada soddalashtirdi. Taqiqlar, “murakkab” ruxsat berish jarayonlari va litsenziyalar o‘rniga yangi soliqlar, imtiyozlar va yordamga beriladigan pul, mablag‘lar (subsidiyalar) joriy qilindi. Hukumat adolatli halollik tizimi sari dadil qadam qo‘ydi. Barcha amaldorlar axloqiy sinovlardan o‘tkazildi. Jamoatchilik tashkilotlari tomonidan, rasmiy ishlab topganiga nisbatan ko‘p xarajat qiladigan amaldor amaliy jihatdan halol bo‘lishi mumkin emasligini fuqarolar ongiga singdirildi va bu o‘z natijasini berdi. Shubhali amaldor juda tez ishdan haydalishga olib kelinadi va qora ro‘yxatga kiritiladi.

Singapur. Singapur respublikasining birinchi premer ministri, singapur “iqtisodiy mo‘'jizasi” bunyodkorlaridan biri Li Kuan Yu (Lee Kuan Yew) tomonidan korruptsiyani tag-tugi bilan yo‘q qilish uchun oz emas, ko‘p emas naq 40 yil kerak bo‘ldi. Holbuki korruptsiyaga qarshi olib borilayotgan islohotlarning ikkinchi yilidanoq dastlabki natijalar yaqqol ko‘rina boshlagan. Singapurda korruptsiyaga qarshi o‘tkazilgan islohotlar puxta o‘ylangan quyidagi beshta qadamlardan iborat bo‘lgan.

Birinchi – korruptsiyani tekshirish (taftish qilish, tergov qilish) bo‘yicha kuchli va ta'sirchan buyuro yaratilgan.

Ikkinchi – barcha amaldorlar, sudyalar va ularning oila a'zolari dahlsizligi bekor qilindi (to‘g‘rirog‘i bunday imtiyozdan mahrum qilindi). Bu shuni anglatadiki, ular qonun oldida himoyasiz bo‘lib qoldilar, ya'ni qonunga xilof harakatlarni sodir etgan taqdirlarida huquqiy vakolatlari ostiga berkinish imkoniyatidan mahrum qilindi.

Uchinchi – amaldorlar, ularning qarindoshlari (deyarli beshinchi avlod qarindoshligigacha), do‘stlarining banklardagi hisob raqamlari doimiy nazorat ostiga olindi. Kimning-ki qonun doirasidan tashqari daromadlari aniqlansa avtomatik tarzda jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Qonundan tashqari daromad – bu nima? Aytaylik amaldor bir oyda 20 ming dollar oylik oladi, demak u har qanday holatda ham 1 million dollarlik uy sotib olish imkoniga ega emas.

To‘rtinchi – sudlarga qonundan tashqari yo‘l bilan topilgan daromadlarni davlat hisobiga musodara qilish huquqi berildi. Korruptsiya uchun juda ulkan miqdordagi jarimalar joriy qilindi, ya'ni o‘rtacha 100 ming singapur dollari miqdorida (600 million so‘mdan ko‘proq). Agar amaldor pora olish paytida qo‘lga tushsa uning barcha mol-mulki musodara qilingan, o‘zi uzoq muddatga panjara ortiga ravona bo‘lgan, oila a'zolari esa qora ro‘yxatga kiritilgan, ya'ni yaxshi ishda ishlash huquqidan mahrum qilingan. Buning ustiga davlat xizmatidagi xodimlar qarzlari yo‘qligi haqidagi maxsus dekloratsiyani to‘ldirib topshirishga majbur bo‘lishgan. Negaki, agar amaldorning qarzlari bo‘lsa, u albatta pora olishga moyil bo‘ladi va birovning haqqiga ko‘z olaytiradi deb hisoblangan. Korruptsiyaga qarshi kurashda ommaviy axborot vositalariga ulkan mas'uliyat yuklangan. Agar jurnalistlar poraxo‘rlik faktini aniqlashsa, ularga albatta quloq solishgan.

Beshinchi – amaldorlarga yuqori ish haqqi belgilangan. Hukumat shu yo‘l bilan xususiy sektordagi tajribali mutaxassislarni davlat xizmatiga o‘tishlariga erishgan. Shuningdek bu pora olmaslik uchun rag‘bat ham bo‘lgan.

Hurmatli prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda korruptsiyani bartaraf qilish bo‘yicha keskin chora-tadbirlar amalga oshirilayapti, muhim qaror va farmonlar qabul qilingan. Bu albatta o‘z samarasini ko‘rsatadi. Men bunga ishonaman va umid qilaman. Biroq hayotimizga singib ketgan va bizni ajablantirmay qo‘ygan shunday “xavfli” illatlar mavjudki, ular oxir-oqibatda jamiyatimizda korruptsiyaning “bolalab” ketishiga olib kelaveradi (Finlar tajribasini o‘qib ko‘ring). Keling gapni cho‘zib o‘tirmasdan ular haqidagi mulohazalarni bayon qilaman.

Dabdabaga (hashamat, hasham) moyillik. Dabdaba bu — o‘rta asr sharqidagi zoti, nasli buzilgan, jismoniy yoki ruhiy jihatdan ayniganlar uchun ermak bo‘lgan. Oltin unitazda hojat qilish faqat zoti buzilgan, jismoniy yoki ruhiy jihatdan ayniganlargagina xos illat!

O‘z xalqing vakillarini talash hisobiga o‘z oilangni boqishing, boylik orttirishing bu – o‘z xalqinga nafratingdir. Bunday ishni faqatgina zoti buzuq, razil va iblis kimsalar qiladilar!

Byudjet (ya'ni xalqning) mablag‘larini o‘g‘irlash, o‘zlashtirish. Bu – o‘z farzandlaringa, nevaralaringa nafratingdir, chunki bu “yo‘llardan” ular yuradilar va bu “maktablarda” ular ta'lim oladilar. O‘z farzandlaridan, nevaralaridan faqatgina badbaxt, ablah va yaramas kimsalargina nafratlanadilar!

O‘g‘ri bu — qo‘rqoq va olchoq kimsadir. U fosh bo‘lish va adolatli qasosdan doim qo‘rqib yashaydi. Bunday kimsa ozod va erkin bo‘lishi mumkin emas. Agar sen shunday kimsa bo‘lsang o‘z xalqing bolasi emassan. Sen daraxt tanasidagi qurt kabi zararkunanda va hashoratsan!

Farzandlaringni ishga, o‘qishga “joylashtirib qo‘yishing” ularga tuzatib bo‘lmas darajada zarar etkazadi. Agar inson barchasiga o‘zi erishmasa yoki hech bo‘lmaganda bilimi va o‘zining yutuqlari orqali ajdodlari me'rosini qonuniy davom ettira olmasa, unga juda qiyin bo‘ladi. O‘z bolalarining kelajagini muammolarga to‘ldirish, uni xavf ostiga qo‘yish, faqatgina tentaklarga xos illat!

Korruptsiyani tag-tomiri bilan sug‘urib olib, bartaraf etgan jamiyatgina farovonlikka erisha oladi, faqat shunday jamiyatgina cheksiz hurmatga va go‘zal istiqbolga loyiq. Buni har bir aql raso inson idrok etishi zarur.

Bu illatni yo‘qotishga har birimiz mas'ulmiz va unga qarshi murosasiz kurashni hoziroq boshlash kerak, ertaga emas. Men aniq bilaman ertaga kech bo‘ladi. Agar biz bu illatdan tezroq qutila olmasak, barcha islohotlar bekor ketadi, eng yomoni Vatan, Millat istiqboli xavf ostida qoladi, kelajak avlodlarimizning nasli buziladi, xalq va millat sifatida porakandalikka yuz tutamiz!

Muallif: usm.uz



Muallif haqida

Abduvali

Leave a Comment