Hikoyalar

«Vijdonli qiz» voqeasi

Muallif Abduvali

Janob Parker Paynning stolidagi selektor jiringladi.
– Nima gap? – dedi u tugmachani bosib.
– Bir xonim qabulingizga kirmoqchi, – kotibaning ovozi eshitildi. – Lekin u bugungilar ro‘yxatida yo‘q.
– Kiraversin, – dedi janob Payn.
Bir daqiqa o‘tar-o‘tmas eshikdan yoshgina, orasta kiyingan, xushbichim­ qiz kirib keldi.
– Xayrli kun, xonim. Marhamat, o‘tiring, – dedi uni ochiq cheh­ra bilan kutib olgan janob Payn.
Qiz u ko‘rsatgan kursiga o‘tirib­, ikkilangancha unga qaradi. Qizning tim qora, uchlari bejirim xalqacha­larga chirmalgan jingalak sochlari,­ boshdan oyoq oppoq kiyimi uni yanayam nafosatli ko‘rsatar edi.
– Siz janob Parker Paynsiz-a? – so‘radi nimadandir asabiylashayotgani bilinib turgan qiz.
– Ha, men.
– E'lon bergan ekansiz. Unda muammoga duchor bo‘lganlar, baxtsizlar… oldingizga kelishi mumkinligi yozilgan.
– Shunday.
– Men esa judayam baxtsizman. Shuning uchun qabulingizga kirishga qaror qildim, – dedi qiz o‘zicha bir to‘xtamga kelib olganday bo‘lib.
Parker Payn jim turib qizning gapida davom etishini kutdi.
Qiz asabiy tarzda siqimini qisdi.
– Menda… Men ko‘ngilsizlikka duch keldim.
– Shunaqaga o‘xshaydi, – dedi janob Payn. – Aytishga ikkila­nayapsizmi?
Qiz ortiq gapirishni istamayotganday ko‘rindi. Janob Paynga bir muddat tikilib qoldi, keyin bir to‘xtamga keldi chog‘i, xuddi shoshayotganday gapira boshladi:
– Mayli, sizga aytaman. Faqat, bilasizmi, bir qarorga kelishga qiynalayapman. Qaerga borarimni, nima qilarimni bilmay, aqldan ozay deyapman. Sizning e'loningizga ko‘zim tushganda, oldiniga odatdagi qalloblikdir deb o‘ylagandim, lekin negadir esimda qolgan ekan. Keyin bir uchrab ko‘rsam hech nima yo‘qotmayman-ku deb o‘yladim. Har qanday vaziyatdayam uzr so‘rab ketish mumkin, to‘g‘rimi, agar…
– Shunday, albatta, – uning gapini tasdiqladi Parker Payn.
– Bilasiz, duch kelganga ishonib bo‘lmaydi, – dedi qiz dabdurustdan.
– Shunga qaramay, meni ishonchli­ odam deb o‘ylayapsiz, shundaymi? – tabassum qildi janob Payn.
– Qizig‘i shunda-da, – dedi qiz yanayam jonlanib. – Sizni umuman tanimayman-bilmayman, lekin nega­dir aldamasligingizga ishonayapman. Ismim Dafni, Dafni Sent-Jon.
– Sizni eshitaman, miss Sent-Jon.
– Missis. Men turmushga chiqqanman.
– Obbo, – dedi ming‘irlab janob Payn ro‘parasida o‘tirgan xonimning nikoh uzugiga e'tibor bermagani uchun o‘zidan xafa bo‘lib. – Shuniyam payqamaganimni qarang.
– Erga tegmaganimda bunchalik tashvishlanmagan bo‘larmidim, – davom etdi xonim. – Demoqchimanki, u holda bularning bari bu darajada jiddiy tus olmagan bo‘lardi. Men hozir Jerald haqidayam o‘ylashga majburman…
U shunday deb sumkasidan qichkina, dumaloq narsani olib stolga qo‘ydi: – Mana! Hammasiga mana shu sababchi.
Bu kattagina olmos ko‘zli platina uzuk edi.
Janob Payn uzukni qo‘liga olib, deraza tomon yurdi. Toshni shishaga yurgizib ko‘rdi, so‘ng zarrabin bilan uni sinchiklab ko‘rib chiqdi.
– Asl tosh, – dedi u joyiga qaytib o‘tirar ekan. – Men uni eng kamida ikki ming funtga baho­lagan bo‘lardim.
– Shunday, faqat u o‘g‘irlangan. Men uni o‘g‘irlab olganman, endi esa nima qilishni bilmay o‘tiribman.
– Oho! – dedi janob Payn uzukni qizga uzata turib. – Buyog‘i qiziq bo‘ldi-ku.
Oraga cho‘kkan noqulay jimlik qizga ta'sir qildi. U ko‘ngilni yum­shatadigan bir ahvolda, yuziga dast­ro‘molini bosib yig‘lay boshladi.
– Ana xolos, – dedi janob Payn. – Bo‘ldi, bo‘ldi. Ko‘rasiz, hammasi­ yaxshi bo‘ladi.
– Rostanmi? – dedi qiz burnini tortib. – Shunday deb o‘ylaysizmi?
– Bunga ishonchim komil. Qani, endi menga hammasi qanday yuz berganini gapirib bering-chi.
– Nima desam ekan, hammasi qarzga kirib qolishimdan boshlandi. Bilsangiz, men anchayin noshud­man. Bundan Jeraldning jini qo‘ziydi. Erimni aytayapman. U mendan ancha yoshi katta va o‘ta jiddiy odam. Uning uchun qarz go‘yo qiyomat qoyimning o‘zginasi. Xullas, qarzlarim haqida unga og‘iz ocholmas edim. Tanishlarim bilan kazinoga yo‘l oldim… Ozgina omad kelsa menga kifoya qilar edi. Avvaliga yuta boshladim, ­keyin bor pulimdan ayrildim. Keyin… Qaltis tavakkal qildim…
– Tushunarli, – dedi uning gapini bo‘lib janob Payn. – Davom ettirmasangiz ham bo‘ladi. Sizni chuv tushirishdi. Shundaymi?
Dafni Sent-Jon tasdiq ma'nosida boshini qimirlatib qo‘ydi.
– Bularni Jeraldga qanday aytishim mumkin? Uning qimor o‘yinlariga umuman toqati yo‘q. Qisqasi, arosatda qolib ketdim. O‘sha kunlarda Dortgeymerlar bizni mehmonga chaqirib qolishdi. Men Naomi bilan bir maktabda o‘qiganman. Ular Kobxem yaqinida yashashadi, haddan ortiq boy oila. Biz qaytayotganimizda Naomi Bond-stritdagi zargarga berishni tayinlab brilliant ko‘zli uzugini menga topshirdi. Uzukning gardishiga nimadir bo‘lgan ekan.
Qiz jim bo‘lib qoldi.
– Sezishimcha, biz eng murakkab joyiga yaqinlashayapmiz, – unga yordamga keldi janob Payn. – Davom­ eting, missis Sent-Jon.
– Siz bularni hech kimga gapirib yurmaysizmi? – birdaniga xavotirga tushib qoldi qiz.
– Men shaxsiy masalalarni daxl­siz deb bilaman, – ishontirdi uni janob Payn. – Qolaversa, siz ko‘p narsani aytib bo‘ldingiz, qolganini o‘zim sizga bemalol aytib berishim mumkin.
– Ha, to‘g‘ri. Mayli. Lekin hecham aytgim kelmayapti! Bu dahshat… Xullas, men Bond-stritga bordim. U erda zargarlik do‘konlari tiqilib yotibdi. «Viro» degan do‘konda taqinchoqlarning nusxasini tayyorlab berishadi. Aqlimni eb qo‘yibmanmi, bilmadim, o‘sha do‘konga kirib uzukdan nusxa tayyorlab berishlarini so‘radim. Chet elga chiqmoqchiligimni, haqiqiysini taqib ketishni istamayotganimni aytgandim, ular hech narsadan shubhalanishmadi. Nusxasini tayyorlab berishdi, men uni Naomiga jo‘natdim. Uzukning haqiqiysini esa garovga qo‘ydim.
Qiz yuzini kaftlari bilan to‘sib oldi.
– Bunga qanday jur'at qildim-a? Qanday? Mening ko‘chadagi o‘g‘rilardan umuman farqim bo‘lmasa kerak!
Janob Parker Payn odob bilan yo‘talib qo‘ydi.
– Menga hali hammasini gapirmaganday tuyulayapsiz.
– Hammasimas, – dedi xo‘rsinib qiz. – O‘shandan beri olti hafta o‘tdi. Qarzlarimni to‘lab, bu muam­modan qutuldim. Lekin o‘shandan beri o‘zimni qo‘yarga joy topolmayapman. Yaqinda uzoq bir qarindoshim olamdan o‘tib, undan mengayam bir muncha pul meros tegdi. Meros pulini olib birinchi qilgan ishim – mana shu la'nati uzukni garovdan qaytarib olish bo‘ldi. Hammasi joyiga tusha boshlaganda, atay qilganday boshqa bir muammo chiqib qoldi.
– Xo‘sh?
– Dortgeymerlar bilan oramizga­ sovuqchilik tushdi. Hammasi aktsiya­larni deb bo‘ldi. Jerald ser Rubenning maslahati bilan sotib olgan aktsiyalarning narxi tushib ketdi. Shunda so‘ng Jerald achchiq ustida ser Rubenga u haqda nima o‘ylasa, borini aytgan-qo‘ygan: yaxshi gaplar bo‘lmagan. Xullas, men endi uzukni qaytarolmaydigan vaziyatga tushib qoldim.
– Uzukni Dortgeymer xonimga anonim tarzda jo‘natib yuborsangiz bo‘lmaydimi?
– Bu aybimni tan olish bilan barobar-ku! U darrov hammasini tushunadi.
– Gapingizga qaraganda, sizlar dugona bo‘lgansizlar. Uning olija­nobligiga umid qilib, bor gapni aytib bersangiz-chi?
Missis Sent-Jon boshini chayqadi.
– Dugona ekanimiz rost, lekin zebu ziynatlar borasida Naomi manavi toshdanam qattiq. Unga uzukni ochiqchasiga topshiradigan bo‘lsam, meni panjara orqasiga yubormasayam, duch kelganga qilmishim haqida gapirib berishi tayin. Bu esa hammasidan battar. Jeraldning qulog‘iga etsa bormi, meni hech qachon kechirmasa kerak. E, xudo, naqadar dahshat!
U yana yig‘lashga tushdi.
– Boshimni qayga urishimni, nima qilarimni bilmay qoldim, janob Payn, biron maslahat beraolasizmi?
– Biron yo‘lini topamiz, – javob qildi Parker Payn.
– Rostan aytayapsizmi?
– Shubhasiz. Odatda men murakkab vaziyatdan chiqishning oddiy yo‘lini tavsiya qilaman. Tajribamdan bilganim shuki, oddiylik eng samarali usul bo‘lib chiqadi. Shu bilan birga, sizning e'tirozlaringizni ham o‘rinli deb hisoblayman. Bu noxush voqea haqida hozircha o‘zingizdan boshqa hech kim bilmaydi, shundaymi?
– O‘zim va sizdan boshqa hech kim, – dedi qiz.
– Meni hisobga qo‘shmaslikni so‘rayman. Shunday ekan, siz hozir xatardan xolisiz. Qilinishi kerak bo‘lgan ish hech kimga sezdirmay uzukni almashtirib qo‘yishdangina iborat.
– Aynan shunday, – jonlandi qiz.
– Nima ham derdik, bu unchalik qiyin vazifalar sirasiga kirmaydi. Maqbul yo‘lni o‘ylab topamiz, bunga vaqt kerak…
– Lekin qanday? – baland ovozda so‘radi missis Sent-Jon. – Axir vaqt juda ziq. Naomi toshni almashtirmoqchi emish. Meni aqldan ozdirayotgan narsa shu.
– Buni qaerdan bilasiz?
– Tasodifan bilib qoldim. Kuni kecha bir tanishim bilan tushlik qilgan edim. Uning zumrad ko‘zli uzugi menga juda yoqib qoldi. O‘sha dugonamning aytishicha, zumrad ko‘zli uzuklar urfga chiqqani uchun Naomi ham uzugining toshini almashtirmoqchimish.
– Bundan chiqdi, tezroq harakatimizni qilishimiz kerak, – dedi o‘ylanib qolgan janob Parker Payn.
– Ha-da! – tasdiqladi qiz.
– Uyga kirishning ilojini topish kerak bo‘ladi. Bu borada o‘zingizda qandaydir fikr yo taklif bormi, missis Sent-Jon?
– Deylik, chorshanba kuni Naomi katta ziyofat uyushtirmoqchi. O‘sha, kecha birga tushlik qilgan dugonam­dan bildim. Naomi ziyofat kechasi uchun professional raqqoslarni surishtirib yurgan ekan. Topgan-top­maganini, to‘g‘risi, bilmayman…
– Menimcha, bundan nimadir chiqadi, – dedi janob Payn. – Agar raqqoslarni topgan bo‘lsa, narxi biroz oshadi, xolos. Yana bir gap, mabodo, Dortgeymerlar xonadonidagi elektr shchit joylashgan joyni bilmaysizmi?
– Buni qarangki, bilaman! Ularnikida mehmon bo‘lgan kunimiz kechasi chiroq o‘chib qoldi, probkalar kuygan ekan. Xizmatkorlar uxlab qolgani uchun Ruben ularni o‘zi almashtiruvdi. U shundoq kiraverishda, devorga ishlangan shkafda.
Janob Payn qizdan uy va elektr shchit turgan joy tarhini chizib berishni so‘radi.
– Demak, bu yog‘iga hech narsadan xavotirlanmasangiz ham bo‘ladi,– dedi janob Parker Payn o‘rnidan qo‘zg‘alar ekan, – Hammasi ko‘ngildagiday bo‘lishiga va'da beraman. Aytgancha, Sent-Jon xonim, uzukni­ nima qilamiz? Uni o‘zingizda saqlab turishni ma'qul ko‘rasizmi?
– Shunday qilganimiz yaxshi.
– Kelishdik. Ko‘pam xavotir olavermang, hammasi yaxshi bo‘ladi.
– Haligi… xizmat haqi qancha bo‘ladi? – tortinibroq so‘radi qiz.
– Bu masalani chorshanbaga qoldirib tura qolaylik. Sizga sarf-xarajatlar ro‘yxatini beraman. Ishontirib aytishim mumkin, ular ko‘p bo‘lmaydi.
Qizni kuzata turib, u kotibani chaqirdi.
– Menga Klod Latre va Madlenni chaqiring.
U chaqirtirgan Klodni Angliyaning eng ko‘rkam ayg‘iri, Madlenni esa Angliya ofatijonlarining eng maftunkori deyish mumkin edi.
– Bolalarim, sizlarga topshirig‘im bor, – dedi janob Parker Payn ro‘parasidagi juftlikni ko‘zdan kechirar ekan. – Bugundan e'tiboran siz dunyoga dongi ketgan raqqos va raqqosasiz. Klod, ko‘p narsa senga bog‘liq, hech nimani adashtirib yuborma.
Dortgeymer xonimning ziyofatga tayyorgarlik ishlaridan ko‘ngli to‘q edi. Hatto gullar ham uning didiga moslab terilgan. U xizmatkorga topshiriq bera turib, barini a'lo darajada uddalagan eriga ajablanib qarab qo‘ydi.
Ziyofat boshlanishiga yaqin Mishel ismli nomdor raqqos telefon qilib, partnyori to‘pig‘ini qa­yirib olgani sabab borolmasligini, ularning o‘rniga Parijda katta yutuqlarni qo‘lga kiritgan bosh­qa bir juftlik borishini aytib qoldi. Aytilgan vaqtda etib kelgan raqqoslarni ko‘zdan kechirgan Dortgeymer xonimning ko‘ngli joyi­ga tushdi.
Kecha ajoyib boshlandi. Jyul va Aleksandra hammani hayratga soldi. Dastlab ular ispancha inqi­lob raqsini, keyin «Telba orzusi» deb nomlangan kompozitsiyani ijro etishdi. Bazmga yig‘ilganlar zamonaviy raqs san'atining so‘nggi namu­nalaridan ham bahramand bo‘lishdi.­
Keyin hamma raqsga tushdi. Bazm avjiga chiqqanida Jyul Dortgeymer xonimni raqsga taklif qildi. Ser Ruben esa bu paytda maftunkor Aleksandrani zimdan qidirish bilan ovora edi. Uni elektr shchit atrofidan topish uning xayoliga ham kelmayotgan edi.
Jyul Dortgeymer xonimning qulog‘iga shivirlab taxminan shunday der edi: – Yo‘q, siz ingliz xonimi emassiz! Angliyada tug‘ilgan­lar bunday go‘zal raqsga tusha olmay­dilar. Siz bir parisiz, raqs malikasisiz. Pschenichnaya smirnoffka na zdorrovie.
– Bu qanday til? – so‘radi unga butkul maftun bo‘lib qolgan xonim.­
– Rus tili, – dedi Jyul. – Sizga bo‘lgan hislarimni ifodalashga ingliz tili ojiz.
Dortgeymer ko‘zlarini yumib oldi. Jyul uning qo‘llaridan o‘pishga chog‘langan mahalda chiroqlar o‘chdi. Xuddi shuni kutib turganday ayolning barmog‘idagi uzuk sirg‘alib tushdi.
Zum o‘tmay chiroqlar yana yondi.
– Uzugingiz, – jilmaydi Jyul. – Ular barmog‘ingizdan chiqib ketdi. Ruxsat etsangiz, o‘zim uni taqib qo‘ysam.
Janob Parker Payn payshanba kuni ertalab ofisiga kelganida uni Sent-Jon xonim kutib turar edi.
– Nima bo‘ldi? – sabrsizlik bilan so‘radi xonim ostonadan kirar-kirmas.
– Tashvishlanibsiz-da, baribir, – gina aralash dedi janob Parker Payn.
– Kechasi bilan ko‘z yummadim, – dedi Sent-Jon xonim. – Ming xayol­ga bordim…
– Ha, mayli, mana bu xarajatlar ro‘yxati. Yo‘l kira, liboslar, Mishel va Xuanitaga ellik funt… Jami oltmish besh funt o‘n etti shilling.
– Xarajatlarni qo‘ya turing, janob. Hammasi ko‘ngildagidaymi? Eplay olishdimi?
Janob Parker Payn unga rostakamiga ajablanib qaradi.
– Meni ma'zur tuting, xonim afandi, boshqacha bo‘lishiyam mumkin emas.
– Xudoyim-ey! Elkamdan tog‘ ag‘darilganday bo‘ldi! Men bo‘lsam qo‘rqib o‘tiribman…
Janob Parker Payn ta'na qilganday boshini chayqab qo‘ydi.
– Omadsizlik – men toqat qilolmaydigan so‘z. Uddalay olishimga ko‘zim etmagan ishni hech qachon zimmamga olmayman. Ishga kirishdimmi, demak omad mendan qochib qutulolmaydi.
– Demak, u uzugini qaytarib olganu hech narsani sezmagan, shundaymi?
– Mutlaqo. Operatsiya qoyilmaqom tarzda bajarilgan.
Dafni Sent-Jon chuqur tin oldi.
– Meni qanday yukdan xalos qilganingizni tasavvur ham qilolmaysiz. Xarajatlar qancha bo‘ldi degan edingiz?
– Oltmish besh funt o‘n etti shilling.
Sent-Jon xonim sumkasini ochib aytilgan pulni sanab berdi.
– Sizdan minnatdorman, – dedi iltifot bilan janob Parker Payn hisob qog‘ozini uzata turib.
– Bu qanaqasi? Bu faqat xarajatlar uchun ekan-ku. Xizmat haqi ko‘rsatilmagan? – dedi xonim hisob qog‘oziga ko‘z yugurtirib.
– Bu ish uchun xizmat haqi olish niyatim ham yo‘q.
– O, mister Payn! Meni noqulay ahvolga solib qo‘yayapsiz, axir!
– Men shunga qaror qildim, fikrimni o‘zgartirolmayman. Bir chaqa ham olish niyatim yo‘q. Bu mening printsiplarimga to‘g‘ri kelmaydi. Mana sizning tilxatingiz. Endi esa…
U go‘yo murakkab tryukni bajargan­ mohir ko‘zboylog‘ichday, jilmayib turib ixchamgini g‘ilofni stolga tashladi va sekin qiz tomonga surib­ qo‘ydi. Uni ochgan Dafnining ko‘zi brillint ko‘zli uzukka tushdi.
– U-u, nafratlanaman bundan! – dedi qiz nozik burnini jiyirib. – Ko‘rarga ko‘zim yo‘q! Derazadan uloqtirgim kelayapti uni.
– O‘rningizda bo‘lsam bunday qilmagan bo‘lar edim, – dedi tanbeh ohangida janob Parker Payn. – Ko‘rganlar boshqacha tushunishlari mumkin.
– Buning haqiqiy emasligi aniqmi? – qiziqsinib so‘radi Dafni.
– Albatta. Endi Dortgeymer xonim kecha kechqurun siz menga bergan uzukni taqib yuribdi.
– Unda hammasi joyida, – xitob qildi Dafni va quvonch bilan o‘rnidan turdi.
– Darvoqe, so‘raganingizga esimga tushib qoldi, juda qiziq ish bo‘ldi, – deya gap boshladi janob Parker Payn. – Bugun ertalab manavi matohni zargarga olib borgan edim. Klod adashmaganiga ishonch hosil qilishim uchun.
– Zargarga? – xavotir bilan so‘radi Sent-Jon xonim va joyiga qaytib o‘tirdi. – U nima dedi?
– Muvaffaqiyatli chiqqan odatdagi yasama, – shodmon kayfiyatda javob qildi janob Parker Payn. – A'lo darajadagi ish. Endi, o‘ylashimcha, ko‘nglingiz butunlay joyiga tushdi, shunaqami?
Sent-Jon xonim nimadir demoqchi bo‘ldi, lekin gapirolmadi. Janob Paynga baqraygancha qotib qoldi.
U bo‘lsa o‘rindig‘iga joylashib olgan ko‘yi qizning holatini kuzatib turdi.
– Boshqalar uchun o‘zingni o‘tga urish, – o‘ychan holda davom etdi u, – unchalik yoqimli ish emas. Har holda… Kechirasiz, nimadir dedingizmi?
– Menmi? Yo‘q…
– Yaxshi. Unda sizga vijdoni qiynalgan bir yosh xonim ishtirokidagi g‘aroyib hikoyani aytib bersam, nima deysiz? Mayli, u malla­soch, turmushga chiqmagan xonim bo‘laqolsin. Ismini ham Dafni Sent-Jon demay qo‘ya qolamiz. Yaxshisi, u Er-Nestina Richarde, ya'nikim Naomi Dortgeymer xonimning sobiq kotibasi bo‘laqolsin.
Xullas, ajoyib kunlarning biri­da uzugining brilliant ko‘zi tushib­ qolayozganini ko‘rgan Dortgeymer xonim uni ta'mirlatish uchun kotibasiga berib zargarga jo‘natadi. Nari-berisini aytmaganda, sizning holatingizga nihoyatda o‘xshash, shunday emasmi? Buni ko‘ringki, ­Richarde xonimning xayoliga ham sizdagi kabi o‘y keladi. U ham uzukdan nus­xa yasatadi. Ammo u uzoqni ko‘ra oladigan qiz. Ya'ni Dortgeymer xonim ertami-kechmi uzuk almashtirib qo‘yilganini bilishi va bu kimning ishi ekanini qiyinchiliksiz topishi mumkinligiga uning aqli etadi.
– Xo‘sh, bu holatda Richarde xonim qanday yo‘l tutgan? – davom etdi janob Parker Payn, ro‘parasidagi qizga xotirjam ko‘z tashlar ekan. – Avvaliga u sochini qoraga bo‘yab, so‘nggi urfda turmaklatadi. So‘ngra mening oldimga keladi va uzukni ko‘rsatib, uning haqiqiyligiga ishonch hosil qilishimga erishadi. Shundan keyingina u uzukni zargar­ga olib boradi. Uzukni ta'mirlagan zargar esa uni qanday lozim bo‘lsa, o‘shanday tarzda Dortgeymer xonimga jo‘natadi.
Kecha kechqurun Vaterloo vokzali­da Richarde xonim o‘sha uzukning ajoyib nusxasini toshlarning farqiga unchalik ham boravermaydi­gan, buning ustiga, poezdga shoshib turgan Klod Latrega topshiradi. Turgan gapki, Richarde xonim mening har ehtimolga qarshi tanish bir zargardan janob Latrega yo‘l­dosh bo‘lishni iltimos qilganimni tasavvur ham qilmagan bo‘lsa kerak.­ O‘sha zargar uzuk toshiga bir ko‘z tashlashdayoq uning brilliant emas, shunchaki a'lo darajada yasalgan nusxa ekanini aniqlaydi.
O‘ylashimcha, gap nimadaligini fahmlay boshladingiz. Uzukning almashtirib qo‘yilganini bilgan Dort­geymer xonimning esiga eng avvalo kim tushadi? Ziyofat kechasi chiroq o‘chgani va barmog‘idagi uzukning tushib ketishiga sabab bo‘lgan o‘sha xushsurat yigit! Xonim hech bir qiyinchiliksiz surishtirib biladi­ki, taklif qilingan raqqoslarning­ bazmga bormasliklari uchun kimdir­ pul to‘lagan. Shu tariqa kalavaning uchi mening ofisimgacha etib keladi. Dortgeymer xonim bu erda Sent-Jon xonim haqidagi tanqiddan tuban hikoyani nafrat ila ting­laydi. Ammo xonimning Dafni Sent-Jon ism­li tanishi hech qachon bo‘lmagan! Ana shunda Dortgeymer xonim ro‘parasida pastkash firibgar turgani haqida xulosa chiqarishi turgan gap.
Har qanday holatdayam men bunga yo‘l qo‘ya olmasligimni tushunasiz deb umid qilaman. Shu bois, do‘stim Klod Naomi Dortgeymer xo­nimning barmog‘iga yana o‘sha – un­dan echib olgan uzukning o‘zini qaytarib taqib qo‘yishiga to‘g‘ri kelgan.
Janob Paynning yuziga muloyim­ tabassum indi.
– Endi nima uchun sizdan pul olmaganim sababini bilib oldingiz. Men sizga baxtiyor bo‘lishingizni va'da qilgan edim, ko‘rinib turibdiki, buning uddasidan chiqa olmadim. Sizga yana bir gap aytishimga izn bersangiz… Hali juda yoshsiz, bundayin ishlarga birinchi qo‘l urishingizdir ehtimol.
Yoshim bir joyga borib qolgan, tan oling, shunga yarasha tajribam ham siznikidan qo‘proq, ayniqsa statistika borasida. Ana shu tajri­bamdan kelib chiqib aytishim mumkinki, firibgarlik jinoyatlarining sakson etti foizi fosh etiladi. Sakson etti foiz! Bu haqda yana bir bor o‘ylab ko‘ring.
Richarde xonim ilkis oyoqqa turdi.
– Yolg‘onchi qari hayvon! Meni laqillatibsan-da! Yana xarajatlarniyam to‘latganini-chi! Shuncha vaqt…
U g‘azabdan bo‘g‘ilib qoldi va o‘zini eshikka urdi.
– Uzukni unutmang, – dedi vaz­minlik bilan janob Parker Payn.
Iziga qaytgan Richarde xonim uzukni olib, unga ko‘z ham tashlamay­ derazadan tashqariga uloqtirdi. So‘ng eshikni qars yopib, g‘oyib bo‘ldi.
Janob Parker Payn derazadan tashqariga qiziqsinib qaradi.
– O‘zim ham shunaqa deb o‘ylagan edim, – o‘ziga o‘zi gapirdi u. – Taajjub! Nahotki, o‘yinchoq sotayotgan jentelmen uni nima qilishni mutlaqo bilmasa.

Shavkat Yodgorov tarjimasi.



Muallif haqida

Abduvali

Leave a Comment