Kun nafasi

Propiska muhokamasi: nega viloyatdagi odamlar Toshkentdan uy ololmasligi kerak

Muallif Abduvali

Normativ-huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida Toshkent shahriga «propiska» qilish masalasi qizg‘in muhokama qilinmoqda.

«Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihasining 28-bandida fuqarolarni doimiy va vaqtincha ro‘yxatga qo‘yish tartibini soddalashtirish, ularning mamlakat hududida erkin harakatlanish hamda mehnat qilish huquqlarini ta'minlash nazarda tutilgan.

Davlat dasturida keltirilgan har bir bandning izohlar sonini ko‘rib chiqilganda eng ko‘p muhokakamaga sabab bo‘layotgani aynan shu banddir. Mazkur band yuzasidan o‘zbekistonliklar eng ko‘p fikr va takliflar bildirishmoqda. Odamlar «propiska» tufayli duch kelgan muammolarni yozishgan.

Ayrim izohlarni keltirib o‘tamiz:

Abdulatif Haydarov: «Propiska masalasini umuman yo‘q qilish kerak. Bu O‘zbekiston fuqarolarini ikki xil toifaga ajratib qo‘ymoqda. Propiskalilar oliy tabaqa propiskasizlar pastki taqa degandek. Chunki propiskasizlarga juda ko‘p to‘siqlar qo‘yilgan. Uy sotib olaman desa uy sotib ololmaydi, chunki uni propiskasi yo‘q. Propiskaga qo‘yaman desa, o‘z nomida uyi yo‘q juda kulguli holat bu. Yana ham qizig‘i uy olaman desangiz birovni nomiga olasiz bir umr shu odamdan xavotirda yashaysiz va o‘zingiz kimnidir nomiga sotib olgan uyingizga ijara shartnoma qilib, o‘z uyingizga pul to‘lab yashash eng alam qiladigan jihat. Taklifim shundaki, propiskani umuman yo‘q qilish kerak. Toshkentda odam ko‘payib ketadi degan vajni qilishadi. Toshkentda yashamoqchi bo‘lgan odam baribir ham yuribdiku propiskasiz bori ham yo‘g‘i ham».

Marhabo Botirova: «Toshkent shahridan uy sotib olishni ham bemalol qilib quyish kerak, qurilish bahosi qancha bo‘lsa, shuncha xohlagan O‘zbekiston fuqarosi sotib olishi mumkin bo‘lsin, hech qanaqa 2500 yoki 3000 barobar kerak emas. Kim o‘ylab topgan bo‘lsa ham».

«Toshkent viloyati va Toshkent shahriga doimiy ro‘yxatga qo‘yish tartiblarini qayta ko‘rib chiqish lozim. Toshkent shahridan uy-joy olish tartibi faqatgina Toshkent shahar doimiy propiskasi orqali amalga oshirish tartibini bekor qilish kerak. Nega endi viloyatdagi odamlar Toshkentdan uy ololmasligi kerak. Hozirda juda ko‘plab insonlar uylarni Toshkent propiskasida bo‘lgan tanishlarining nomiga olishgan. Bu ko‘plab muammolarga sabab bo‘layapti», — deb izoh yozgan Ravshanov Rustam.

Bekzod Ibragimov esa quyidagilarni bildirgan: «Propiska tizimini yanada soddalashtirish kerak. Besh yildan ziyod Toshkent shahrida vaqtinchalik ro‘yxatda turib, muqim joyda ishlayotganlarga ipoteka kreditlari asosida uy olish uchun ruxsat berish kerak. Qanchadan-qancha yaxshi kadrlar Toshkent shahrida olgan oyligini faqat ijara uyi uchun sarflab, biri ikki bo‘lmayapti».

Saidov Akbarxo‘ja: «Propiskasi bo‘lmagan fuqarolarningToshkent shahrida uy-joy sotib olishga bo‘lgan ta'qiq — bu mutlaqo konstitutsion normalarga zid holat. Jumladan, fuqarolarning mulkdor bo‘lish va respublika hududida erkin ko‘chish huquqining to‘sqinligi hisoblanadi. Ushbu loyihani mazkur huquqbuzarlikning echilishi yo‘lidagi ilk qadam sifatida olqishlayman!».

Ravshan Kazakbaev esa bu masalada shoshilmaslik kerakligi haqida fikr bildirgan: «Menimcha, hozircha, hammasi joy joyiga tushguncha, Toshkent shahridagi ba'zi bir cheklovlar shunday qolgani yaxshiroq deb o‘ylayman. Chunki shaharda ishsizlik darajasi yuqori ekanligini va viloyatlardan ish izlab kelgan ishsizlarning soni shundoq ham ko‘p ekanligini hisobga olsa, shaharda ishsizlik yanada kuchayib, jinoyatlar soni oshishi mumkin. Ayniqsa Sirg‘ali, Yashnobod tumanlari kabi chekka va Qo‘yliq bozori kabi tartibsiz joylarda. Bu mening fikrim, balki adashayotgandirman, qanday qaror chiqarish esa sizlardan».

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Migratsiya va fyqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqapmaci boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek Toshxo‘jaev O‘za muxbiriga propiska masalasi hali o‘z echimini topmasligini ma'lum qilgan.

Xususan nashrga bergan intervyusida «Propiska» haqiqatan dolzarb masala bo‘lib turibdi. Davlat dasturi loyihasida belgilanganidek bu borada fuqarolarga zarur qulayliklar yaratiladi. Lekin «propiska»ni butunlay bekor qilolmaymiz. Bunga alohida tayyorgarlik zarur. Barcha hududlarning birdek ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirilishi bir kun kelib bunga o‘z-o‘zidan zamin yaratadi», — deb aytgan u.



Muallif haqida

Abduvali

Leave a Comment