Maqolalar

Bahsli mavzu. Bosma nashrlarning davri o‘tdimi?

Muallif Abduvali

Lutfullo Tursunov: HA!

Dastlab radio kashf etilganida, keyinchalik televidenie paydo bo‘lganida ham shunday savollar tug‘ilgan. Oradan yillar o‘tsa hamki, gazeta va jurnallar hamon «yashab» kelmoqda. Ammo, internetning sahnaga chiqib kelishi vaziyatni butunlay o‘zgartirib yubordi. Axborot bozori uchun kurashda mutlaq tengsizlik yuzaga keldi. Internet bilan kurashishga bosma nashrlarning «vazn toifasi» umuman mos kelmay qoldi.

Ommaviy axborot vositalari asosan axborot sotish (obuna shaklida) va reklama hisobiga yashaydi. Internet nashrlar o‘zining tezkorligi, qulayligi, qisqa vaqt ichida katta auditoriyani qamray olishi bilan reklama bozorini egallab olmoqda. Bu esa ularga, bosma nashrlardan farqli o‘laroq, axborotni tekin tarqatish imkonini beradi. Bu juda katta ustunlik. Mijoz oldida pulli axborot bilan bepulini tanlash imkoni turganida, tabiiyki, u ikkinchisini (aslida axborotga ega bo‘lish uchun internetga pul to‘lasa-da) ma'qul ko‘radi. Bosma nashrlarning shu zaylda auditoriyasi qisqarib boraverar ekan, uning reklama bozoridagi ulushi ham kamayib ketaveradi. Bu holat gazeta va jurnallarning kelgusida an'anaviy — qog‘oz shaklida chiqarilishi tarixga aylanishidan dalolat beradi. Axir, yashab qolish uchun qandaydir vosita bo‘lishi kerak-ku…

Reklama bozoridagi ulush bo‘yicha radio va bosma nashrlar internetga allaqachon imkoniyatni boy berib bo‘lgan. Hozirda eng katta ulushga ega televidenie ham bu «jang»da engilishni boshladi. Internet nafaqat bosma nashrlarni, analog va FM-radiolarni, hatto televidenieni ham o‘z domiga tortib ketyapti.

Raqamli texnologiyalar «virusi» birin-ketin an'anaviy vositalarni avval raqamli ko‘rinishga, endi onlayn shaklga o‘tishga majbur qilmoqda. Analog TV va radio ko‘p davlatlarda tarixga aylanib bo‘lgan. Bizda ham 2018 yilning oxiriga borib to‘xtatiladi. Yaqin uch-to‘rt yil ichida butun dunyoda undan nom-nishon qolmaydi. Tizim to‘liq raqamli shaklga o‘tadi. Ammo, bu bilan ham «axborot evolyutsiyasi» to‘xtamaydi. Radio ham, televidenie ham hali raqamli ko‘rinishga o‘tib ulgurmay, endi internet auditoriyasiga moslashishga majbur bo‘lyapti.

Gazeta va jurnallar hali uzoq yashab qolishi mumkin, lekin u biznes loyiha sifatida o‘z o‘rnini ushlab tura olmaydi.

Mavjud radio va televidenie kanallarining internetdagi talqinidan tashqari mustaqil internet TV va radiolar yuzaga kelyapti. Televideniedek katta tarmoqning an'anaviyligini saqlab qolishiga kuchi etmayotgan ekan, bosma nashrlarda bu borada imkoniyat deyarli yo‘q. Gazeta va jurnallar hali uzoq yashab qolishi mumkin, lekin u biznes loyiha sifatida o‘z o‘rnini ushlab tura olmaydi. U ko‘proq ma'naviy va mafkuraviy vosita sifatida yashaydi, xolos. Biznes loyiha shaklidagi OAV esa to‘liq «internetlashadi».

Global tarmoq va texnologiyalar hozir biznes shakllarini shunchalik tez o‘zgartirmoqdaki, qaysidir turdagi mahsulot yoki xizmatlarning «umri»ni aniq chamalab bo‘lmay qoldi. Bugun «Youtube» kanalidagi birgina videoblogerning yillik daromadi nomdor nashrlarnikidan kattaroq. Yoki qiziqroq telegram kanalini tashkil qilgan yosh bolaning o‘quvchilari soni ko‘pgina nashrlarning obunachilari sonidan ziyod. Albatta, ular ommaviy axborot vositasi rolini bajara olmaydi, ammo biznes jihatidan ustunlikka egalar. Iqtisodiyotda oddiy qoida bor — foyda va xarajatlar o‘rtasidagi balans yo‘qolsa, ishlab chiqarish o‘z-o‘zidan to‘xtaydi. Bosma OAVlarning asosiy muammosi shu jihatga borib taqaladi.

Bir necha yil avval gurkiragan sohalar, hech qancha vaqt o‘tmasidan nom-nishonsiz yo‘qolmoqda. Hali bizni oldinda robototexnika va sun'iy intellekt davri kutib turibdi. Bizni qarshi olayotgan u olamda yanada global evolyutsiya va inqilobiy o‘zgarishlar ro‘y beradi. Turli sohalar va kasblarning o‘zgarishi, yo‘qolib ketishi tabiiy holga aylanadi. Asrlar davomida shakllangan an'analar o‘zgara boshlaydi.

Bosma nashrlarning yana qancha yashab qolishi avlodlar almashinuviga ham bog‘liq. O‘tgan asrning 80-yillarigacha tug‘ilganlar oilaviy obuna nimaligini yaxshi eslashadi. Shu avlodgacha bo‘lganlar qog‘oz shaklidagi nashrlarni o‘qishga ko‘nikishgan, o‘rganishgan. Texnologiyalar hatto ularni ham «transformatsiyalashish»ga majbur qilmoqda. 90-yillardan keyingi avlod esa to‘liq texnologiyalar davri vakillari. Tabiiyki, bu avlodlarning almashinuvi an'analarning o‘zgarishiga olib keladi. Shundan chamalab olavering, bosma nashrlarning yana qancha «umri» qolganini.

Usmonjon Yo‘ldoshev: YO‘Q!

Mabodo, ushbu qat'iy fikrim kimlarningdir ensasini qotirsa yoxud g‘ashini keltirsa, mayli, fikrimni sal yumshataman: Bunga yo‘l qo‘ymaslik kerak!

Avvalo, davriy nashrlar — gazeta va jurnallar ham insoniyat tafakkuri mahsuli ekanligini unutmaslik lozim. Texnikalar, aloqa vositalari rivojlanmagan davrlarda odamlar siyosiy ongini o‘stirishda, ularni qoloqlik botqog‘idan chiqarib, ma'rifat sari undashda, turli istibdodlarga qarshi kurashish yo‘lida xalqni birlashtirishda aynan matbuotning o‘rni beqiyos bo‘lgan.

Shukrki, ota-bobolarimiz orzulagan, shu yo‘lda o‘z aziz jonlarini qurbon qilgan dorilomon kunlarda yashayapmiz. Istiqlol atalmish bebaho ne'matning barcha imkoniyatlaridan bahramandmiz. Xususan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlari, yutuqlari, afzalliklaridan ham.

Evropaning birinchi noshiri Iogann Gutenberg o‘n beshinchi asrda ixtiro qilgan toshbosma dastgohi nafaqat kitoblar chop etish, balki davriy nashrlar ishida ham inqilobiy o‘zgarishlarni boshlab berdi. O‘sha davrlardan boshlab butun dunyoda gazeta va jurnallar faoliyati gullab-yashnadi, odamlarning asosiy axborot olish manbaiga aylandi. Albatta, hayot bir joyda to‘xtab turmaganidek, yangi-yangi kashfiyotlar, ixtirolar insoniyat manfaatlariga xizmat qilishga kirishdi. Internetning paydo bo‘lishi esa axborot olish va tarqatish masalasida davriy nashrlarga tom ma'noda raqobatchiga aylandi. Bugun esa internet bu borada nafaqat raqobatchi, balki yakkahokimlik da'vosini qilib turibdi. Afsuslanarlisi, ushbu da'voning o‘rinli ekanli ayrimlar (bunday fikrlovchilar ko‘payib boryapti) tomonidan ham bot-bot e'tirof etilmoqda.

Zamonaviy dunyoqarashga ega inson sifatida internetning mislsiz imkoniyatlarini inkor etmayman, albatta. Internet — cheksiz axborotlar ummoni va bu ummonda xohlagancha suzish mumkin. Faqat o‘sha ummon ostidagi ko‘zga ko‘rinmas, ammo har lahza domiga tortib turishga shay loyqalar — g‘araz maqsadlardan juda ehtiyot bo‘lish kerak. AKT vaziri Sh.Shermatov biz — jurnalistlar bilan bo‘lgan bir uchrashuvda shunday degan edi: «Internet dastlab paydo bo‘lgan vaqtlarda unda biror bir jo‘yaliroq axborotni topish mushkul edi. Hozir esa informatsiyalar shu darajada ko‘payib ketdiki, qaysi biri rostu qay biri yolg‘on yoki ig‘vo ekanligini ajratib olish qiyin bo‘lib qoldi. Shu bois, davriy nashrlar zimmasiga har qachongidan ham ko‘proq mas'uliyat yuklanadi».

Darhaqiqat, bugun internetdan har kim o‘z maqsadi yo‘lida foydalanmoqda: dunyoga egalik qilmoqchi bo‘layotganlar ham, turli siyosiy kuchlar, biz uchun g‘ayriinsoniy hisoblangan uyushmalaru birlashmalar va hatto terrorchilar ham. Chunki ular internetdan foydalanuvchilar asosan yoshlar ekanligini juda yaxshi bilgan holda ko‘rinmas qarmoqlarini tashlagancha pusib yotishibdi. Aytishingiz mumkin, internetdan foydalanish madaniyati bo‘lgan, milliy g‘oyaga sodiq yoshlar uchun bular tahdid qilolmaydi, deb. Siz haqsiz. Ammo, global tarmoqda milliylik, milliy mentalitet, milliy g‘oya singari tushunchalar xiralanib qolishi hech gapmas. Sababi-ki, g‘arazli niyatini aynan milliylik choponiga o‘rab-chirmab taqdim etayotganlar istalgancha topiladi.

Biz go‘yo ummondan ijaraga foydalanib turgandekmiz.

Internetni yuqorida ummonga qiyosladim, afsuski, o‘sha ummon boshida o‘z egalari bor, ular istagan paytda ummon yo‘lini to‘sib qo‘yishi yoki loyqalatishi mumkin. Biz go‘yo ummondan ijaraga foydalanib turgandekmiz. Gap shundaki, nafaqat bizning, dunyo yoshlarining ham davriy nashrlar o‘qimay qo‘yishi, internetparast bo‘lib borishi ularga foyda. Tasavvur qiling, bugun biz, ha endi bu davr talabida, yoshlar shuni istashyapti, deya zarur choralarni ko‘rmasak, bir avlod o‘tib matbuot butunlay esdan chiqadi, bora-bora hatto tarmoqdagi matnli xabarlarni ham o‘qimay qo‘yadigan (faqat audio orqali tinglaydigan) yoshlar paydo bo‘ladi. Miya faqat eshitganinigina qabul qilyaptimi, demak, uning o‘qish orqali qabul qiluvchi sezgilari kamayib boradi. Asta-sekin yoshlarni quruq da'vatlar bilan chalg‘itish, ortidan ergashtirish osonlashib boradi. Ikkinchi tomondan esa internet mamlakatga xavf tug‘ilgan vaqtlarda odamlarni yanada junbushga keltiruvchi qurolga aylanadi. Bunday paytda hukumat internetni cheklashga majbur (yaqinda Eronda bo‘lgan hodisalarni eslang) bo‘ladi.

Davriy nashrlar vazifasi faqat axborot etkazish emas, bugungi kun nafasini yoki biror sohani ma'naviy-ma'rifiy, tahliliy jihatdan ochib beruvchi qudratli vosita. Faqat uning zamonga moslashishi uchun harakat qilish darkor. Markaziy nashrlar bo‘ladimi, tarmoq nashrlarimi, joylardagi hokimlik gazetalarimi, qat'i nazar, har bir muassis o‘z sohaviy siyosatini ommaga, hukumatga etkazib berayotgan nashrlariga e'tiborliroq bo‘lishlari kerak. Nashrlarning moddiy-texnik jihatdan baquvvat bo‘lishi, ularda ishlayotgan jurnalistlarning har tomonlama ta'minlanganligi nashrlarning adadiga bog‘liq (dunyodagi hech bir davriy nashr muassisga moddiy daromad keltirmaydi, yirik-yirik kontsernlar, siyosiy kuchlar, partiyalar o‘z nashrlarini ommalashtirishga intiladi — chunki ularni o‘z pozitsiyasini himoya qiluvchi maydon deb biladi). Bunda men, ko‘pchilikning (balki ko‘pchilik emasdir) peshonasini tirishtirayotgan majburiy obuna haqida emas, to‘g‘ri ma'nodagi targ‘ibot-tashviqot borasida gapiryapman. Odamlarimiz ma'rifatga tashna, Prezidentimiz ham mutolaani targ‘ib qilish muhimligi borasida qat'iy fikriga ega. Biz nafaqat demokratik, balki ma'naviy-ma'rifiy jamiyat qurish yo‘lini tanlaganmiz. Shunday ekan, yoshlarni — farzandlarimizni mutolaaga, ma'rifatga oshno qilaylik!

Manba: xabar.uz



Muallif haqida

Abduvali

Leave a Comment