Psixologik testlar

Oilaviy nizolar sababi nima?

Oila — insonga baxt keltiruvchi va avlodlar davomiyligini ta'minlovchigo‘shajamiyat butunligi va ahilligini kafolatlovchi qo‘rg‘onOila tinchligi va osoyishtaligi esa jamiyat barqarorligining asosiy omili. Shu sabab bo‘lsa kerak, O‘zbekiston mustaqillikka erishgan dastlabki kunlardanoq oilaning ijtimoiy negizini mustahkamlashga hamda barqarorligiga erishishga katta e'tibor qaratib kelinmoqda. Aynan 1998 yilni “Oila yili”, 2012 yilni “Mustahkam oila yili” deb e'lon qilinishi oilaga bo‘lgan e'tibor va g‘amxo‘rlikning yorqin ifodasidir.

Ammo bugungi kunda ham jamiyatimizda oilada er-xotinning huquq va majburiyatlari yuzasidan tug‘ilayotgan bahslar, mojarolar va ular sabab turmushga darz ketish kabi holatlar ham uchrab turibdi…

 Qaynana-kelin munosabati qat'iy tartibga solinishi kerak!

Munira Qaxhorova, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi bosh mutaxassisi:

— Oilaviy ajrimlar keyingi paytlarda global tus olib, yuristlar, demograflar, iqtisodchilar, sotsiologlar, psixologlar va qo‘yingki, barcha soha vakillari diqqat markazida bo‘lib turibdi. Chunki bu haqiqatda iqtisodiy, ma'naviy, ma'rifiy, psixologik muammodir. Demak, uni bartaraf etish bilan ko‘plab ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy muammmolar echiladi. Aks holda, insonlar tashvishlarga ko‘milib, jamiyat notinch, davlat qashshoqlashadi. Ajralishning oqibati nafaqat er va xotinga zarar etkazadi, balki farzandlarning onasiz yoki otasiz ulg‘ayishiga olib keladi. Natijada farzandlar qalbi notinch, yuragi kemtik, ruhan tushkun, hayotdan alamzada, demakki, jinoyatga moyil bo‘lib voyaga etadi.

Oilalarning buzilish sabablari o‘rganib chiqilganda, yoshlarimizning oila qurishga tayyor emasligi, sog‘­lig‘iga e'tiborsizlik, yigitlarning oilani boshqarishni, ro‘zg‘orni moddiy ta'minlashni, farzandlarni ma'nan va jismonan sog‘lom qilib tarbiyalashni o‘z burchlari deb bilmasliklari, qizlarning esa uy bekasi, onalik vazifasini tushunmasligi, aksariyat hollarda qaynana va kelin o‘rtasidagi mojarolar tufayli yuzaga kelayotganligi ma'lum bo‘ldi.

Bugun qaynana-kelin munosabati ham qat'iy tartibga solinishni kutilayotgan muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Kelin qaynanasini tarbiyaga haqli ona, qaynana esa, o‘z navbatida, kelinni ayrim injiqliklari bor qizi sifatida qabul qilsa, ularning hayoti osonlashgan bo‘larmidi?! Shunda manfaatlar to‘qnashuvi maqsadlar uyg‘unlashuviga aylanarmidi?!

Oilaviy muammolarga kimlardir aralashib, tinchini buzish, bu — ma'naviyatsizlik! Buning hammasi kitob o‘qimayotganimiz oqibati. Odamlarda ma'rifat yo‘qolsa, mayda gap bo‘lib qoladi. Kitob o‘qigan, ma'rifatli oilalarda janjal bo‘lmaydi. Albatta, bu o‘rinda yosh masalasi ham muhim. Zero, yosh, kasbi bo‘lmagan, hayot haqidagi tushunchalari sayoz qizlarning turmushga uzatilishi ular hayotining murakkablashuviga olib kelishi isbotlangan.

Bolaning uvolidan qo‘rqing!

Dilorom SAGDULLAEVA, psixolog:

— Huda-behudaga oilani barbod etish, albatta, bolalar tarbiyasiga salbiy ta'sir etadi. Ajralish oqibatida norasida qolgan bolaning uvoli tutadi, ammo ming afsuslar bo‘lsinki, oramizda uvol-savobni bilmaydigan, norasidalarning etim qolishini o‘ylamaydigan ota-onalar ham bor. Bunday olib qaralganda oilaning buzilishi ota uchun iztirob, ona uchun baxtsizlik, eng yomoni, farzandlar uchun katta fojiadir. Chunki hali hayotning pastu balandini anglab ulgurmagan murg‘ak yurakchalarga ozor etadi, qalbini yaralaydi. Ular umr bo‘yi o‘ksinib yashaydilar.

Statistik malumotlarga ko‘ra, ajrashib ketayotganlarning yoshi 20-35 yoshni tashkil qiladi. Bu asosan oilaviy turmushning birinchi 4 yili (35,5%) va 5-9 yillari demakdir. Ajrim tufayli har bir noto‘liq oilada o‘rtacha 2-3 nafardan bola etim qoladi. Demak, turmush o‘rtog‘idan ayrilgach, ona bolalar tarbiyasi, ro‘zg‘orni yuritish kabi katta mas'uliyatni o‘z zimmasiga olishga majbur. Bunday oilaviy nizolar bir-biriga zanjirdek ulanib ketadigan muammolarni keltirib chiqarishi aniq.

Oiladagi munosabatlar ham oila qonunchiligida er va xotinning teng huquqligi asosida mustahkamlab qo‘yilgan bo‘lsa-da, ularning o‘zaro munosabatlari milliy kadriyatlarimiz asosida o‘rnatilishi, oilada ko‘proq yoshi kattaning gaplariga quloq solish, uni hurmat qilish, erkak kishi oila boshlig‘i hisoblanganligi uchun unga ham itoat qilish lozim. Ana shulardan kelib chiqib, nikohlanuvchi shaxslarga nafaqat nikoh tuzilishining huquqiy asoslarini, balki uning psixologik asoslarini ham sodda va tushunarli tarzda bayon etish kerak. Bu esa o‘z navbatida oilalar qo‘rg‘oni mustahkam bo‘lishiga, oilaviy ajrimlar ko‘payishining oldini olishga xizmat qiladi.

 Noto‘liq oiladan jinoyatchilar chiqishi mumkin

Akmalbek ALIMOV, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi Ijtimoiy-huquqiy bo‘lim mudiri:

— Oilada er-xotinning huquq va majburiyatlari yuzasidan tug‘ilayotgan bahslar, oilada huquqiy savodxonlik darajasining pastligi, ma'naviyatsizlik, ayrim xonadonlardagi mavjud notinch ma'naviy-ruhiy muhit oilaning buzilishiga sabab bo‘lmoqda.

Ajralish tufayli noto‘liq oila vujudga keladi. Ayni kunda ijtimoiy xavfli jinoyatlar sodir etayotgan ayollar va voyaga etmagan bolalar noto‘liq oilalardan ekanligi kuzatilmoqda. Yoki bo‘lmasa fohishaxonalar, chetga pul ishlash uchun noqonuniy yo‘l bilan chiqib ketayotgan yosh qizlar, ayollar, albatta, bularning barchasi ajralish oqibatida yuzaga kelgan noto‘liq oilalar vakillari.

Oilaviy ajrimlar tufayli qanchadan-qancha bolalar ota yoki ona mehridan mosuvo bo‘lmoqda. Qolaversa, yoshlar o‘rtasidagi jinoyatlarning ko‘pchiligi ota tarbiyasini ko‘rmaganlar tomonidan sodir etilmoqda.

Shunday ekan, har bir ota-ona o‘g‘il yoki qizini turmushga tayyorlash jarayonida nikoh va oilaning mas'uliyati, er-xotinlikning huquq, burch va vazifalaridan to‘la xabardor qilish lozim. Zero, oila — muqaddas dargoh.

 Oilaga xiyonat kechirilmas gunohmi?

Irgash Daminov, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi bo‘lim boshlig‘i:

— Oila — nasl davomiyligi, pokligi garovi. Hukumatimiz va faol jamoatchilik tomonidan muntazam ravishda olib borilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlarga qaramay, oilalarda ajralish holatlari uchrab turibdi. Atrofimizda oilaviy ajrimlarning ko‘payganligi, aksariyat oilalar juda mayda maishiy munosabatlar orqasidan buzilib ketayotganligi, eng og‘riqli joyi bu oilalarning farzandlari tirik etim bo‘lib qolayotganligi bizni ko‘p o‘ylantiradi.

Oilaviy nizolarga sabab qilib ko‘rsatilayotgan holatlar (erkaklarning takabburligi, ahli oilasini haqorat qilishi, mensimasligi, ishlamasligi, rashk, xiyonat, ayollarning esa  turmush o‘rtog‘i oilasidagilarga hurmatsizligi) aslida echimi oddiy muammolardir.  Erkaklar turmush o‘rtog‘i ham, bolalari ham unga ato etilgan omonat ekanini unutmasliklari lozim. Omonatga esa xiyonat qilinmaydi.

Aslida er va xotin bir-biriga hijob, ya'ni pardadir. Ulardan biri boshqasining yaxshisini oshirib, yomonini yashiradi — parda bo‘ladi. Shu tariqa, biri ikkinchisiga mustahkam bog‘langan, ularni ayro tasavvur qilib bo‘lmaydi. Aslida erkak va ayol har jihatdan teng. Mana shu tenglik anglangan oila esa tinch va barqarordir. Erkak kuchini to‘g‘ri, xayrli ishlarga yo‘naltirsa, ayol hayosi bilan farzandlariga tarbiya bersa, ular hamjihatlikda farovonlik sari intilsa, kelajakka xolis nazar solsa, xayrli maqsadlar sari ildam qadam bossa, shubhasiz, oila ham, jamiyat ham baxtli, obod bo‘ladi.

 Aslida insonu kim bo‘lishidan qat'i nazar, baxtli bo‘lishga haqli. Baxtning to‘laqonli bo‘lishi esa uni o‘rab turgan boshqa insonlar, u yashab turgan jamiyat, qolaversa, butun bashariyat bilan bog‘liq. Baxt oila bilan. Hech bir inson yolg‘izlikda baxt topa olmaydi. Chunki u shunday yaralgan. Demak, o‘zi baxtga intilgan inson o‘zgalar baxtini ham o‘ylashi muhim. Binobarin, nikoh ikki insonni ushlab turuvchi zanjir emas, balki ixtiyoriy ittifoqdir. Mana shu ittifoq mustahkam bo‘lishi har kimning o‘ziga bog‘liq.

Shunday ekan, har birimiz o‘zimiz va farzandlarimizning kelajagi uchun oilalarimizning mustahkamligi haqida qayg‘urish burchimiz ekanligini anglab etishimiz lozim, bu borada qo‘limizdan kelgan chora-tadbirlarni ko‘rish esa vazifamizdir.

 K. AHMEDOVA tayyorladi.

Manba: tasvir.uz

Muallif haqida

Abduvali Qurbanov

Javob yuborish

Be the First to Comment!

Notify of
avatar