She'rlar

Umid

Ko‘ngilga taskinni  izlabmi ko‘kdan,

Nigohni tikamiz samo qariga.

Zaminga cho‘kkandek  bo‘lamiz yukdan,

Bahona topilmas armon qahriga.

 

Ko‘zimiz er chizar bir do‘stni ko‘rib,

Xijolat uyg‘otar qalbda xotira.

Buncha mard bo‘lmasa – ketmas tupurib,

Turmaydi bir paytlar bizdek yotsirab.

 

Noliymiz, muhabbat armon bo‘ldi deb,

O‘znimas, sevgini bevafo sanab.

Davrada ko‘rmaymiz o‘ltirmoqni ep,

Hay'atda turamiz ko‘zni panalab.

 

Har aytgan gapimiz iymondan so‘zlar,

Yo‘q amal ta'madan mosuvo bo‘lsa.

Til zabun, fikrlar   izlanar ko‘zdan,

Holimiz ne kechar nigohlar o‘lsa.

 

Unutdik yulduzni, unutdik oyni,

Shabada esarkan, qarang, yovdanmas.

Yo g‘orga qaytadan qilsakmi joyni,

O‘ljamiz  beshafqat halol ovdanmas.

 

Lutfni unutdik – o‘zlikmidi u,

Ko‘p bo‘ldi,  aytilmas jumardlik so‘zi.

Xolislik sanalmas edi ish ezgu,

Birdamlik  ketgandek har yonga to‘zib.

 

Bandaga turfa rang bergani sinov,

Avlodi boshlanur Odam Atodan.

Insonlar ichida bo‘lmas yot, birov,

Shart iymon keltirmoq bitta sadodan.

 

Shukurki, tan olar aqlimiz sirni,

Hayratli bu olam Tangridan in'om.

Uyimiz er, buzmas hech kim qasrni,

Faromush bo‘lmasa inson degan nom.

 

Faqat er taloshdir, mehrlar kanda,

Men esa poylayman samoning yo‘lin.

Erni zabt etmoqqa kelar Iskandar,

Tobutdan chiqarib ikki bo‘sh qo‘lin.

Xurshid NURULLAEV



Muallif haqida

Abduvali Qurbanov

Leave a Comment