She'rlar

Vatan yuragimda tug‘ilding qachon…

Vatan yuragimda tug‘ilding qachon,
Nafas olgandami ko‘z ochgan onim.
Tanamda his etib ajib hayajon,
Erga tekkandami ilk bor tovonim.

Tilimdan eng avval yangragan kalom –
“Ona” so‘zi bilan bo‘ldingmi paydo.
Tug‘ildingmi, menga qo‘yilganda nom,
Eshitganda azon – muqaddas sado.

Poyoniga etib go‘daklik chog‘i,
Ongga singdirganda ma'rifat, adab,
Yuragimda yoqib ilm chirog‘in,
Sen haqda tasavvur berdimi maktab.

Orzular charx urgan o‘smirlik oni,
Muhabbat aqlni oldi asirga.
Sevgi yaratgan deb butun dunyoni,
Ko‘nglimga kirdingmi ishq bilan birga.

Vatan yuragimda tug‘ilding qachon,
Hijron o‘tidan dil tutagandami.
Sog‘inching qalbimni xo‘p o‘rtagan on –
Harbiylik xizmatin o‘tagandami.

Harbiyda bo‘lmadim Belarusga yot,
Bemavrid yomg‘iri tashlardi ezib.
Mevasi sarxil-u, yo‘qdir maza, tot,
Yurtni sog‘inardim o‘rmonlar kezib.

Yurt cho‘li – shuvoqlar yastangan hudud,
Sahroi amirning oldida jannat.
Behisht nusxasidan go‘yo bo‘lgan but
O‘zbekiston, erdagi beqiyos san'at.

Bilaman, malohat meni etar lol,
Vatanni yurakda uyg‘otgan boshqa.
Zulmatni yoritib chiqsa ham hilol,
Vatanim o‘xshatgum seni qiyoshga.

Sen borsan yuragim tongdek musaffo,
Bag‘ringda ozodman, erkin har inson.
Sen o‘zing ruhimga, jonimga davo,
Qalbimda ekaning o‘zi bir ehson.

Vatan – yurakdagi o‘lmas e'tiqod,
Maqsadim elimning olsam rahmatin.
Har qarich eringni qilay deb obod
Tortmoqqa shayman ming Farhod zahmatin.

Tarixning da'vosi ta'kidlar haqqing,
Toleying shonlidir temuriy urug‘.
Yuragi nur kabi pokiza xalqing,
Quyosh yurti degan noming bor ulug‘.

Xurshid NURULLAEV

 

Muallif haqida

Abduvali Qurbanov

Javob yuborish

Be the First to Comment!

Notify of
avatar